Adabiy tur – adabiy asarlarning nutqiy tashkillanishi, tasvir predmeti, obyekt va subyekt munosabati kabi jihatlari bilan umumiylik kasb etuvchi yirik guruhi. Anʼanaviy ravishda badiiy asarlar uchta katta guruhga – epik, lirik va dramatik turlarga ajratib kelinadi. Adabiy asarlarni turlarga ajratish masalasi qadimdan diqqat markazida boʻlib kelgan. Antik davr yunon faylasufi Aflotun oʻzining “Davlat” asarida shoir oʻz tilidan (lirika), oʻzgalarning gaplarini muloqot sifatida tasvirlab (drama) yoki bu ikkisini qorishiq (epos) qoʻllagan holda taqlid qilishi mumkinligini aytadi. Sanʼatni tabiatga “taqlid qilish” deb bilgan Arastu esa tabiatga uch xil yoʻsinda: 1) oʻzidan tashqaridagi narsa toʻgʻrisida hikoya qilayotgandek (epos); 2) taqlidchi oʻz holicha qolgan, qiyofasini oʻzgartirmagan holda (lirika); 3) tasvirlanayotgan kishilarni faol harakatda taqdim etgan holda (drama) taqlid qilish mumkin, deb bilgan. Turlarga ajratishda taqlid usulini asosga qoʻyish anʼanasi XVIII asrgacha davom etdi. XVIII asrga kelib nemis faylasufi Gegel badiiy adabiyotni turlarga ajratishda “obyekt” va “subyekt” munosabatini, shuningdek, tasvir predmetini, yaʼni konkret asarda nima tasvirlanayotganini asos qilib oldi: epos voqeani, lirika ruhiy kechinmani, drama harakatni tasvirlaydi. Gegel anʼanasini davom ettirgan V.G.Belinskiy obyekt (voqelik) va subyekt (ijodkor) munosabatiga koʻproq urgʻu berdi: eposda obyektivlik, lirikada subyektivlik, dramada ikkisining qorishiqligi kuzatilishini taʼkidladi. Eposni “obyektiv poeziya” derkan, Belinskiy epik asar muallifi oʻzining ixtiyoridan tashqari “oʻz-oʻzicha amalga oshgan narsaning oddiy hikoyachisi” maqomida turishini, lirikani “subyektiv poeziya” deganida esa “unda ijodkor shaxsiyatining birinchi planda turishi va barcha narsa uning shaxsiyati orqali qabul qilinishi va anglanishi”ni nazarda tutadi. Albatta, obyektivlik va subyektivlik tushunchalarini mutlaqlashtirmaslik zarur. Zero, epos “obyektiv poeziya” deyilsa ham, uning “obyektivligi” oʻquvchi nazdidagi illyuziya, xolos, aslida, epik asarda ham subyektiv ibtido mavjuddir.
Gegel tasnif asoslaridan biri qilib olgan adabiy asarlarni tasvir predmetidan kelib chiqib turlarga ajratish tamoyili hozirda kengroq ommalashgan. Bunda konkret asarda nima tasvirlangani eʼtiborga olinadi: dramatik asarda harakat, lirik asarda kechinmalar, epik asarda voqelik (voqealar) tasvirlanadi. Bunga qoʻshimcha asos sifatida asarda nimaning obrazi yaratilganini olish mumkinki, bu tasvir predmeti asosidagi tasnifni toʻldiradi: lirikada subyektning noplastik obrazi, buning ziddi oʻlaroq, dramada obyektning plastik obrazi, eposda esa obyekt va subyektning qorishiq obrazi yaratiladi. Lirik asarning yetakchi obrazi – lirik qahramon, lirik asar oʻqilganda lirik qahramon holati, kayfiyati, kechinmalar qanday holatda yuzaga kelgani, uning his-kechinmalariga turtki boʻlgan voqelik fragmentlari his etiladi. Biroq lirik qahramonning oʻzi jonli inson (yaʼni obyektivlashtirilgan tasvir) sifatida namoyon boʻlmaydi. Dramada esa qahramonlar real, jonli inson sifatida xatti-harakatda boʻladilar, unda subyekt obrazi yoʻq. Eposda soʻz vositasida tasvirlangan badiiy voqelikni tasavvurda plastik jonlantirish mumkin, shu bilan birga, unda muallif obrazi ham mavjud. Bundagi muallif obrazi ham lirikadagi kabi noplastik obraz: uning voqea-hodisalarga munosabati, kayfiyati, oʻy-qarashlari va sh.k. har vaqt sezilib turadi, biroq muallif obrazi boshqa personajlar obrazi singari jonli inson sifatida gavdalanmaydi (asarda uning obyektivlashtirilgan tasviri yoʻq).
Mazkur belgilovchi xususiyatlar bilan birga, har bir A.t.ga mansub adabiy asarlarga koʻproq xos (yaʼni belgilovchi boʻlmagan) xususiyatlar ham kuzatiladi. Jumladan, ular oʻzlarining nutqiy shakllanishi jihatidan farqlanadi: lirik asarlar, asosan, sheʼriy nutq shaklida mavjud, ayni paytda, nasriy nutq shaklida yozilgan lirik asarlar (mas.: Fitrat, Choʻlpon, Mirtemir, I.Gʻafurovlarning nasriy sheʼrlari; Choʻlponning “Oktyabr qizi”, A.Aʼzamning “Oʻzim bilan oʻzim” lirik dostonlari) ham bor. Epik asarlar, asosan, nasrda yaratiladi, lekin sheʼriy yoʻlda yozilganlari ham keng tarqalgan (mas.: B.Boyqobilovning “Kun va tun” sheʼriy qissasi, H.Sharipovning “Bir savol”, M.Alining “Boqiy dunyo” sheʼriy romanlari va b.). Turli A.t.ga mansub asarlar oʻzaro badiiy vaqt hissi nuqtai nazaridan ham farqlanadi. Mas., lirik asar "hozir koʻngildan kechayotgan" his-tuygʻularni tasvirlaydi, shoir bilan u tasvirlayotgan kechinma, sheʼrxon bilan u tanishayotgan va oʻziga yuqtirayotgan kechinma orasida har vaqt “men – hozir” tarzidagi vaqt hissi mavjud boʻladi. Aksincha, epik asarda “oʻtmishda boʻlib oʻtgan” voqealar qalamga olinadi, zero, zamonda kechib boʻlgan voqealarnigina hikoya qilib berish mumkin. Hatto olis kelajak tasvirlangan fantastik asarda ham boʻlib oʻtgan voqealar hikoya qilinadi: oʻquvchi goʻyo boʻlib oʻtgan voqealar bilan tanishadi. Yaʼni epik asarda yozuvchi bilan u tasvirlayotgan badiiy voqelik, oʻquvchi bilan u tasavvurida qayta tiklayotgan badiiy voqelik oʻrtasida hamisha “men – oʻtmish” tarzidagi vaqt hissi mavjuddir. Bu jihatdan dramatik asarlar oʻziga xos: dramada tasvirlanayotgan voqea, oʻqilishi yoki sahnadan tomosha qilinishidan qatʼi nazar, goʻyo “hozir sodir boʻlayotgan voqea” kabi taassurot qoldiradi. Demak, dramatik asar oʻquvchisi (yoki tomoshabini) bilan unda tasvirlangan voqea orasida ham “men – hozir” tarzidagi vaqt hissi mavjud boʻladi. Shuningdek, har bir adabiy turga mansub asarda badiiy konfliktning muayyan bir turi ustuvor: dramada xarakterlararo konflikt, lirikada ichki konflikt (asardagi aksi jihatidan), eposda esa konfliktning har uchala turi qorishiq namoyon boʻla oladi. Ayrim manbalarda mazkur xususiyat ham turga ajratish asosi, turga mansublikni belgilovchi xususiyat sifatida koʻrsatiladi. Biroq bu qarash bahsli, chunki har qanday asarda, uning turga mansubligidan qatʼi nazar, konfliktning har uchala navi mavjud boʻlaveradi (faqat aks etishi turlicha, baʼzilari aniq tasvirlansa, boshqalari his etiladi); ular oʻzaro aloqada boʻlib, biri ikkinchisini keltirib chiqaradi, biri orqali ikkinchisi ifodalanadi.
A.t.lar orasida qatʼiy chegara, “xitoy devori” yoʻq. Yaʼni turlarga ajratishda maʼlum shartlilik saqlanib qolaveradi, zero, muayyan asarda barcha A.t.larga xos xususiyatlar ham zuhur qilaveradi. Ikkinchi tomondan, badiiy adabiyot rivoji davomida A.t.lar bir-birini boyitadi, ular orasida sintezlashuv jarayonlari kechadi. Mas., zamonaviy epos oʻziga dramaga xos elementlarni singdirgani uchun tasvir va ifoda imkoniyatlarini kengaytirdi. Hozirgi epik asarlarni ulardagi dialoglar, boshqacha aytsak, “sahna-epizod”larsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Yana, hozirgi eposda dramaga xos syujet qurilishi (syujet vaqtining qisqarishi, voqealarning dramatik shiddat bilan rivojlanishi)ning taʼsiri tobora kuchayib borayotgani kuzatiladi. Shunga oʻxshash, drama va lirikaning oʻziga epik unsurlarni singdirishi ularning badiiy imkoniyatlarini kengaytiradi. Mas., hozirgi sheʼriyatda voqeaband sheʼrlar keng ommalashgani, tavsifiy lirikada epik unsurlar salmoqli oʻrin tutayotgani ham turlararo sintezlashuv natijasidir.
A.t.larning muayyan davr adabiy jarayonida tutgan oʻrni, mavqei har vaqt ham bir xil emas, taraqqiyotning maʼlum bosqichlarida ularning ayrimlari yetakchilik mavqeini egallaydi. Bu esa turli omillar (ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy sharoit, adabiy-madaniy anʼanalar va h.) bilan bogʻliqdir. Mas., oʻzbek adabiyotida anʼana bilan bogʻliq holda uzoq vaqt lirika yetakchilik qilgan boʻlsa, XX asr boshlaridan epos yetakchilik mavqeini egallay boshladiki, bu ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy sharoit (epik turda badiiy konseptual funksiyani amalga oshirish, dunyoni anglash va anglatish imkoniyatlarining kengligi va buning XX asr boshlarida dolzarblik kasb etgani) bilan izohlanadi. Oʻtgan asrning 60–70-yillari ijtimoiy-siyosiy sharoiti yana sheʼriyatni yetakchi mavqega olib chiqdiki, bu ijod erkinligi boʻgʻilgan sharoitda badiiy proza oʻzining eng muhim funksiyasi – badiiy-konseptual funksiyasini toʻlaqonli bajara olmay qolgani bilan izohlanishi mumkin. 80-yillarga kelib esa epos yoʻqotgan mavqeini yana tiklay boshladi: M.M.Doʻst, E.Aʼzam, A.Aʼzam, X.Sulton kabi ijodkorlar asarlarida jamiyatni, zamona kishilari ruhiyatini va buning vositasida jamiyatning mavjud holatini chuqur badiiy idrok etishga intilish kuchaydi. Biroq, taʼkidlash zarurki, A.t.larning birini ikkinchisidan ustun qoʻyishga intilish nomaqbuldir. Zero, har bir A.t. oʻziga xos ustun jihatlarga ega, bu esa ularning har birida dunyoni anglash va anglatish imkoniyatlari turlicha ekanligi bilan izohlanadi. Baʼzan “falon shoir oʻzining falon ruboiysida katta romanda ham aytish qiyin boʻlgan gapni ayta olgan” qabilidagi maqtovlar eshitiladiki, bu xil qarash oʻta joʻn va ilmiylikdan butkul yiroq, badiiy adabiyot haqida, badiiy asar haqida bu tarzda fikrlash diletantlikdan boshqa narsa emas. Negaki, badiiy adabiyotda aytishgina emas, qanday aytish ham muhim. Zero, har bir adabiy turga mansub asarning qabul qilinish mexanizmlari, oʻquvchi ruhiyatiga taʼsir oʻtkazish imkoniyatlari va yoʻllari turlichadir. Bu oʻrinda xalqimizning “oʻnta boʻlsa oʻrni boshqa, qirqta boʻlsa – qiligʻi” qabilidagi naqliga amal qilgan toʻgʻriroq boʻladi.
Адабий тур – адабий асарларнинг нутқий ташкилланиши, тасвир предмети, объект ва субъект муносабати каби жиҳатлари билан умумийлик касб этувчи йирик гуруҳи. Анъанавий равишда бадиий асарлар учта катта гуруҳга – эпик, лирик ва драматик турларга ажратиб келинади. Адабий асарларни турларга ажратиш масаласи қадимдан диққат марказида бўлиб келган. Антик давр юнон файласуфи Афлотун ўзининг “Давлат” асарида шоир ўз тилидан (лирика), ўзгаларнинг гапларини мулоқот сифатида тасвирлаб (драма) ёки бу иккисини қоришиқ (эпос) қўллаган ҳолда тақлид қилиши мумкинлигини айтади. Санъатни табиатга “тақлид қилиш” деб билган Арасту эса табиатга уч хил йўсинда: 1) ўзидан ташқаридаги нарса тўғрисида ҳикоя қилаётгандек (эпос); 2) тақлидчи ўз ҳолича қолган, қиёфасини ўзгартирмаган ҳолда (лирика); 3) тасвирланаётган кишиларни фаол ҳаракатда тақдим этган ҳолда (драма) тақлид қилиш мумкин, деб билган. Турларга ажратишда тақлид усулини асосга қўйиш анъанаси XVIII асргача давом этди. XVIII асрга келиб немис файласуфи Гегель бадиий адабиётни турларга ажратишда “объект” ва “субъект” муносабатини, шунингдек, тасвир предметини, яъни конкрет асарда нима тасвирланаётганини асос қилиб олди: эпос воқеани, лирика руҳий кечинмани, драма ҳаракатни тасвирлайди. Гегель анъанасини давом эттирган В.Г.Белинский объект (воқелик) ва субъект (ижодкор) муносабатига кўпроқ урғу берди: эпосда объективлик, лирикада субъективлик, драмада иккисининг қоришиқлиги кузатилишини таъкидлади. Эпосни “объектив поэзия” деркан, Белинский эпик асар муаллифи ўзининг ихтиёридан ташқари “ўз-ўзича амалга ошган нарсанинг оддий ҳикоячиси” мақомида туришини, лирикани “субъектив поэзия” деганида эса “унда ижодкор шахсиятининг биринчи планда туриши ва барча нарса унинг шахсияти орқали қабул қилиниши ва англаниши”ни назарда тутади. Албатта, объективлик ва субъективлик тушунчаларини мутлақлаштирмаслик зарур. Зеро, эпос “объектив поэзия” дейилса ҳам, унинг “объективлиги” ўқувчи наздидаги иллюзия, холос, аслида, эпик асарда ҳам субъектив ибтидо мавжуддир.
Гегель тасниф асосларидан бири қилиб олган адабий асарларни тасвир предметидан келиб чиқиб турларга ажратиш тамойили ҳозирда кенгроқ оммалашган. Бунда конкрет асарда нима тасвирлангани эътиборга олинади: драматик асарда ҳаракат, лирик асарда кечинмалар, эпик асарда воқелик (воқеалар) тасвирланади. Бунга қўшимча асос сифатида асарда ниманинг образи яратилганини олиш мумкинки, бу тасвир предмети асосидаги таснифни тўлдиради: лирикада субъектнинг нопластик образи, бунинг зидди ўлароқ, драмада объектнинг пластик образи, эпосда эса объект ва субъектнинг қоришиқ образи яратилади. Лирик асарнинг етакчи образи – лирик қаҳрамон, лирик асар ўқилганда лирик қаҳрамон ҳолати, кайфияти, кечинмалар қандай ҳолатда юзага келгани, унинг ҳис-кечинмаларига туртки бўлган воқелик фрагментлари ҳис этилади. Бироқ лирик қаҳрамоннинг ўзи жонли инсон (яъни объективлаштирилган тасвир) сифатида намоён бўлмайди. Драмада эса қаҳрамонлар реал, жонли инсон сифатида хатти-ҳаракатда бўладилар, унда субъект образи йўқ. Эпосда сўз воситасида тасвирланган бадиий воқеликни тасаввурда пластик жонлантириш мумкин, шу билан бирга, унда муаллиф образи ҳам мавжуд. Бундаги муаллиф образи ҳам лирикадаги каби нопластик образ: унинг воқеа-ҳодисаларга муносабати, кайфияти, ўй-қарашлари ва ш.к. ҳар вақт сезилиб туради, бироқ муаллиф образи бошқа персонажлар образи сингари жонли инсон сифатида гавдаланмайди (асарда унинг объективлаштирилган тасвири йўқ).
Мазкур белгиловчи хусусиятлар билан бирга, ҳар бир А.т.га мансуб адабий асарларга кўпроқ хос (яъни белгиловчи бўлмаган) хусусиятлар ҳам кузатилади. Жумладан, улар ўзларининг нутқий шаклланиши жиҳатидан фарқланади: лирик асарлар, асосан, шеърий нутқ шаклида мавжуд, айни пайтда, насрий нутқ шаклида ёзилган лирик асарлар (мас.: Фитрат, Чўлпон, Миртемир, И.Ғафуровларнинг насрий шеърлари; Чўлпоннинг “Октябрь қизи”, А.Аъзамнинг “Ўзим билан ўзим” лирик достонлари) ҳам бор. Эпик асарлар, асосан, насрда яратилади, лекин шеърий йўлда ёзилганлари ҳам кенг тарқалган (мас.: Б.Бойқобиловнинг “Кун ва тун” шеърий қиссаси, Ҳ.Шариповнинг “Бир савол”, М.Алининг “Боқий дунё” шеърий романлари ва б.). Турли А.т.га мансуб асарлар ўзаро бадиий вақт ҳисси нуқтаи назаридан ҳам фарқланади. Мас., лирик асар "ҳозир кўнгилдан кечаётган" ҳис-туйғуларни тасвирлайди, шоир билан у тасвирлаётган кечинма, шеърхон билан у танишаётган ва ўзига юқтираётган кечинма орасида ҳар вақт “мен – ҳозир” тарзидаги вақт ҳисси мавжуд бўлади. Аксинча, эпик асарда “ўтмишда бўлиб ўтган” воқеалар қаламга олинади, зеро, замонда кечиб бўлган воқеаларнигина ҳикоя қилиб бериш мумкин. Ҳатто олис келажак тасвирланган фантастик асарда ҳам бўлиб ўтган воқеалар ҳикоя қилинади: ўқувчи гўё бўлиб ўтган воқеалар билан танишади. Яъни эпик асарда ёзувчи билан у тасвирлаётган бадиий воқелик, ўқувчи билан у тасаввурида қайта тиклаётган бадиий воқелик ўртасида ҳамиша “мен – ўтмиш” тарзидаги вақт ҳисси мавжуддир. Бу жиҳатдан драматик асарлар ўзига хос: драмада тасвирланаётган воқеа, ўқилиши ёки саҳнадан томоша қилинишидан қатъи назар, гўё “ҳозир содир бўлаётган воқеа” каби таассурот қолдиради. Демак, драматик асар ўқувчиси (ёки томошабини) билан унда тасвирланган воқеа орасида ҳам “мен – ҳозир” тарзидаги вақт ҳисси мавжуд бўлади. Шунингдек, ҳар бир адабий турга мансуб асарда бадиий конфликтнинг муайян бир тури устувор: драмада характерлараро конфликт, лирикада ички конфликт (асардаги акси жиҳатидан), эпосда эса конфликтнинг ҳар учала тури қоришиқ намоён бўла олади. Айрим манбаларда мазкур хусусият ҳам турга ажратиш асоси, турга мансубликни белгиловчи хусусият сифатида кўрсатилади. Бироқ бу қараш баҳсли, чунки ҳар қандай асарда, унинг турга мансублигидан қатъи назар, конфликтнинг ҳар учала нави мавжуд бўлаверади (фақат акс этиши турлича, баъзилари аниқ тасвирланса, бошқалари ҳис этилади); улар ўзаро алоқада бўлиб, бири иккинчисини келтириб чиқаради, бири орқали иккинчиси ифодаланади.
А.т.лар орасида қатъий чегара, “хитой девори” йўқ. Яъни турларга ажратишда маълум шартлилик сақланиб қолаверади, зеро, муайян асарда барча А.т.ларга хос хусусиятлар ҳам зуҳур қилаверади. Иккинчи томондан, бадиий адабиёт ривожи давомида А.т.лар бир-бирини бойитади, улар орасида синтезлашув жараёнлари кечади. Мас., замонавий эпос ўзига драмага хос элементларни сингдиргани учун тасвир ва ифода имкониятларини кенгайтирди. Ҳозирги эпик асарларни улардаги диалоглар, бошқача айтсак, “саҳна-эпизод”ларсиз тасаввур қилиб бўлмайди. Яна, ҳозирги эпосда драмага хос сюжет қурилиши (сюжет вақтининг қисқариши, воқеаларнинг драматик шиддат билан ривожланиши)нинг таъсири тобора кучайиб бораётгани кузатилади. Шунга ўхшаш, драма ва лириканинг ўзига эпик унсурларни сингдириши уларнинг бадиий имкониятларини кенгайтиради. Мас., ҳозирги шеъриятда воқеабанд шеърлар кенг оммалашгани, тавсифий лирикада эпик унсурлар салмоқли ўрин тутаётгани ҳам турлараро синтезлашув натижасидир.
А.т.ларнинг муайян давр адабий жараёнида тутган ўрни, мавқеи ҳар вақт ҳам бир хил эмас, тараққиётнинг маълум босқичларида уларнинг айримлари етакчилик мавқеини эгаллайди. Бу эса турли омиллар (ижтимоий-сиёсий, маданий-маърифий шароит, адабий-маданий анъаналар ва ҳ.) билан боғлиқдир. Мас., ўзбек адабиётида анъана билан боғлиқ ҳолда узоқ вақт лирика етакчилик қилган бўлса, ХХ аср бошларидан эпос етакчилик мавқеини эгаллай бошладики, бу ижтимоий-сиёсий, маданий-маърифий шароит (эпик турда бадиий концептуал функцияни амалга ошириш, дунёни англаш ва англатиш имкониятларининг кенглиги ва бунинг XX аср бошларида долзарблик касб этгани) билан изоҳланади. Ўтган асрнинг 60–70-йиллари ижтимоий-сиёсий шароити яна шеъриятни етакчи мавқега олиб чиқдики, бу ижод эркинлиги бўғилган шароитда бадиий проза ўзининг энг муҳим функцияси – бадиий-концептуал функциясини тўлақонли бажара олмай қолгани билан изоҳланиши мумкин. 80-йилларга келиб эса эпос йўқотган мавқеини яна тиклай бошлади: М.М.Дўст, Э.Аъзам, А.Аъзам, Х.Султон каби ижодкорлар асарларида жамиятни, замона кишилари руҳиятини ва бунинг воситасида жамиятнинг мавжуд ҳолатини чуқур бадиий идрок этишга интилиш кучайди. Бироқ, таъкидлаш зарурки, А.т.ларнинг бирини иккинчисидан устун қўйишга интилиш номақбулдир. Зеро, ҳар бир А.т. ўзига хос устун жиҳатларга эга, бу эса уларнинг ҳар бирида дунёни англаш ва англатиш имкониятлари турлича эканлиги билан изоҳланади. Баъзан “фалон шоир ўзининг фалон рубоийсида катта романда ҳам айтиш қийин бўлган гапни айта олган” қабилидаги мақтовлар эшитиладики, бу хил қараш ўта жўн ва илмийликдан буткул йироқ, бадиий адабиёт ҳақида, бадиий асар ҳақида бу тарзда фикрлаш дилетантликдан бошқа нарса эмас. Негаки, бадиий адабиётда айтишгина эмас, қандай айтиш ҳам муҳим. Зеро, ҳар бир адабий турга мансуб асарнинг қабул қилиниш механизмлари, ўқувчи руҳиятига таъсир ўтказиш имкониятлари ва йўллари турличадир. Бу ўринда халқимизнинг “ўнта бўлса ўрни бошқа, қирқта бўлса – қилиғи” қабилидаги нақлига амал қилган тўғрироқ бўлади.
Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.