← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Adabiy yoʻnalish

Adabiy yoʻnalish (ruschadan kalka: “literaturnoye napravleniye”, “literaturnoye techeniye”) – adabiy jarayon bilan bogʻliq kategoriya. A.y. tushunchasi hayotni badiiy aks ettirish prinsiplari, metod va uslub tushunchalari bilan bevosita bogʻliq, u badiiy tafakkur tarzi, metod va uslub kesishgan nuqtada yuzaga keladi. Muayyan davrda yashagan bir qator ijodkorlar yaratgan koʻplab asarlarda tipologik umumiylik mavjud. Tipologik umumiylik hayot materialini tanlash, uni badiiy idrok qilish va baholash prinsiplarida, asarlarning badiiy shakl xususiyatlari, uslubiy jihatlarida oʻzini namoyon etadi. Uzluksiz adabiy jarayonning muayyan bosqichlarida kuzatiluvchi badiiy ijodning gʻoyaviy-estetik tamoyillari asosidagi umumiylik A.y. haqida gapirish imkonini beradi. A.y. adabiy jarayonning, badiiy tafakkur tarraqqiyotining maʼlum bir bosqichini nazariy jihatdan umumlashtirish orqali uning mohiyatini anglash imkonini beradi. Ayni paytda, adabiyot taraqqiyoti, badiiy tafakkurning rivojlanish tamoyillari A.y.lar almashinuvi, ular orasidagi kurashda ochiq namoyon boʻladiki, shu jihatdan A.y. adabiy jarayonni oʻrganishdagi muhim adabiy-estetik kategoriya sanaladi. Mas., Yevropa adabiyotida klassitsizm yoʻnalishining gʻoyaviy-estetik prinsiplari bilan ziddiyat, bir tomondan, barokko, ikkinchi tomondan, maʼrifatparvarlik realizmini maydonga chiqardi, oʻz navbatida, keyincha xuddi shunday ziddiyatlar asosida romantizm va tanqidiy realizm yoʻnalishlari yuzaga keldi. Adabiyot taraqqiyotidagi vorisiylik qonuniyatiga koʻra, har bir A.y. kurtaklari avvalgilari bagʻrida yetiladi. Deylik, klassitsizm bagʻrida ham maʼrifatparvarlik realizmiga, ham sentimentalizmga xos unsurlar mavjud edi, keyingi yoʻnalishga mansub ijodkorlar ulardan maʼqulini olib, maʼqul kelmaganini inkor qilgan holda oʻz gʻoyaviy-estetik prinsiplarini qaror toptirishga intildilarki, bu badiiy tafakkur rivojiga (undagi siljish, oʻzgarishga) asos boʻldi.

Adabiyotshunoslikda A.y. istilohini qoʻllashda turlichalik kuzatiladi: baʼzan u adabiy oqim atamasiga, baʼzan esa metod tushunchasiga sinonim sifatida ishlatiladi. Mas., klassitsizmni metod, barokko yoki sentimentalizmni oqim, romantizmni esa adabiyot taraqqiyotidagi bosqich deb qarash hollari borki, mohiyatan bir xil adabiy hodisalarning turli atamalar bilan nomlanishi chalkashliklar keltirib chiqaradi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish