← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Adabiyot

Adabiyot (ar. ادب adab – goʻzal xulq) – keng maʼnoda, inson tafakkurining mahsuli oʻlaroq dunyoga kelgan, oʻqish uchun moʻljallab yozilgan asarlar jami. Tor maʼnoda – soʻz sanʼati, badiiy adabiyot. Mumtoz adabiyotshunosligimizda soʻz sanʼatini umumlashtirib, A. deb atash odati kuzatilmaydi, terminning bu maʼnoda ishlatilishi koʻproq keyingi davrlarda, xususan, XX asrda ommalashgan. Gʻarbda antik davrlardan boshlab to XVII – XVIII asrlarga qadar badiiy adabiyotni “poeziya” deb atab, unga “proza”ni (q. proza) qarshi qoʻyishgan. Shunga oʻxshash, Sharqda, mumtoz adabiyotshunoslikda ham koʻproq “sheʼr” va “nasr” atamalari ishlatilgan. Hozirgi davrga kelib soʻzlashuv amaliyotida ham, ilmiy muomalada ham A. terminining tor maʼnosi faolroq qoʻllaniladi, u badiiy adabiyot maʼnosida ishlatiladi. Holbuki, tor maʼnoda qoʻllanganida ham terminning qamrovi juda keng, chunki u adabiy badiiy asarlarnigina emas, adabiy asarlarni ham toʻla qamrab oladi. Yaʼni A.ni soʻz sanʼati deb bilgan holda, unga sanʼat hodisasi boʻlmagan asarlar (mas.: memuarlar, kundaliklar, safarnomalar, esselar, aforizmlar va b.) ham mansub etiladi. Mazkur hol muayyan chigalliklarni keltirib chiqaradi, ilmiy aniqlik talabi bilan baʼzan “badiiy adabiyot”, “adabiy badiiy asar” tarzidagi aniqlovchili birikmalarni ishlatishni taqozo etadi. A. termini ostida umumlashtirilgan ikki turli hodisani farqlash uchun birini badiiy adabiyot, ikkinchisini belletristika deb yuritish hollari ham mavjud. Rus tilidagi manbalarda qoʻllanuvchi “slovesnost” termini shu jihatdan ancha qulay va aniq: u soʻz vositasida yaratilgan maʼnaviy qadriyatlarning barini jam etsa, uning tarkibidagi badiiy asarlarni “xudojestvennaya slovesnost” deb farqlashadi. Terminologik aniqlikka erishish uchun soʻz vositasida yaratilgan maʼnaviy qadriyatlarning jamini A., uning tarkibidagi soʻz sanʼatiga daxldor hodisalarni esa badiiy adabiyot deb yuritish maqsadga muvofiqdir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish