← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Apostrofa

Apostrofa (yun. apostrophe – bir tomon ogʻish) – narsa yoki hodisaga xuddi jonli mavjudotga kabi murojaat etish asosida yuzaga keluvchi stilistik figura. Mas.: “Ey, sabo, holim borib sarvi xiromonimgʻa ayt” (A.Navoiy), “Yorugʻ yulduz, goʻzal yulduz, tez soʻzla...” (Choʻlpon), “Dengiz, toʻlqinlaring urma qirgʻoqqa...”(E.Vohidov). Adabiyotimizda boshidan oxirigacha shu usul asosiga qurilgan sheʼrlar ham koʻplab uchraydi (Sh.Rahmon. “Gʻoʻza”). Shuningdek, sheʼriy asarlarda kuzatiluvchi ayni paytda oʻzi boʻlmagan odamga goʻyo shu yerda hozirdek, vafot etgan kishiga goʻyo tirikdek murojaat etish ham A.ning bir koʻrinishi sanaladi. Bunga misol qilib A.Oripovning “Bahor” sheʼridagi “Bahor kelayotir, bosh koʻtar, qara, O surur kuychisi, dongdor zamondosh” deya Gʻ.Gʻulomga yoki “Onajon, onajon, kechirgil, axir, Shodlanmasin dedim birov gʻamimdan” deya onasiga qilgan murojaatini keltirish mumkin.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish