← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Argo

Argo (fr. argot – begona, tushunarsiz til; jargon) – jamiyatdagi yopiq ijtimoiy guruhlar (oʻgʻrilar, gadoylar, daydilar, fohishalar va sh.k.)ga mansub kishilarga xos nutq koʻrinishi; baʼzan jargon terminiga sinonim tarzida ham ishlatiladi. A.ni jargondan farqlovchi muhim bir xususiyati bor: qoʻllanish doirasidan kelib chiqqan holda, A. “maxfiylik” xususiyatiga ega, yaʼni u faqat shu doira kishilariga tushunarli boʻlib, bevosita ularning faoliyati bilan bogʻliq va oʻzgalardan sir tutilishi kerak boʻlgan muloqotni amalga oshirish uchun xoslangandir. A. milliy til bazasida voqe boʻladi, uning grammatik qoidalariga asoslanadi. Ayni chogʻda, u tor doiradagi muloqot uchun zarur tushunchalarni anglatuvchi maxsus unsurlarni ham oʻz ichiga oladi. Bular milliy til, shevalar yoki xorijiy tillardan olib moslashtirilgan, shuningdek, sunʼiy hosil qilingan unsurlardan tashkil topadi. A.lar badiiy adabiyotda muhit koloritini berish, nutqiy xarakteristika vositasi sifatida qoʻllanadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish