← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Aruz

Aruz (ar. عروض – chodirni ushlab turish uchun oʻrtaga qoʻyiladigan yogʻoch) – 1) qisqa, choʻziq va oʻta choʻziq hijolarning muayyan tartibda guruhlanib takrorlanishiga asoslangan metrik sheʼr tizimi. Manbalarda aruzga VIII asrda yashagan arab olimi Halil ibn Ahmad tomonidan asos solingani, bu atama olim yashagan vodiy nomi bilan bogʻliq ekanligi qayd etiladi. A. ming yillar davomida Sharq adabiyotidagi yetakchi sheʼr tizimi boʻlib keldi, muttasil boyish va rivojlanishda boʻldi, mukammal tizimga aylandi, uning qonuniyatlari bilan shugʻullanuvchi soha – ilmi aruz (q.) shakllandi. Dastlab arab adabiyotida maydonga kelgan A. sheʼr tizimi IX asrdayoq forsiy adabiyotda ham qoʻllanila boshlagan. Turkiy xalqlar adabiyotida, jumladan, oʻzbek adabiyotida ham A. qadimdan qoʻllanib kelinadi, degan fikr mavjud: "Bizning Oʻrta Osiyo turklari tomonidan qachon qabul etilgani aniq emas. Biroq hijriy 462 da Qashqarda yozilgan mashhur "Qutadgʻu bilig" kitobining shu aruz vaznida yozilgʻani eʼtibor etilsa, juda eskidan qabul etilgani maʼlum boʻladur" (Fitrat). XI asrdan to XIX asr oxiri – XX asr boshlariga qadar A. oʻzbek mumtoz adabiyotidagi asosiy sheʼriy tizim boʻlib keldi. Albatta, forsiy va turkiy adabiyotlar A.ni mexanik tarzda oʻzlashtirgan emas, aksincha, u fors va turkiy til xususiyatlariga imkon qadar moslashtirilgan. Tabiiyki, bu hol A.ni boyitgan, arab A., fors A., turkiy A. kabi tushunchalarning yuzaga kelishiga asos boʻlgan.

Mumtoz aruzshunoslikda A.ning ritmik birliklari sifatida harf (q.), juzv (q.), rukn (q.) va bahr (q.) koʻrsatilib, bu koʻproq arab A.iga xosdir. Oʻzbek mumtoz adabiyotshunosligida, jumladan, Navoiyning “Mezon ul-avzon””, Boburning “Muxtasar” asarlarida turkiy A. ham shu anʼana yoʻlida oʻrganilgan. XX asrdan, xususan, Fitratdan boshlab oʻzbek aruzshunosligida eng kichik ritmik boʻlak sifatida hijo (q.) koʻrsatila boshlandiki, bu A. ilmini oʻzbek tili tabiatiga moslash zaruratining hosilasidir. Natijada oʻzbek aruzshunosligida harf va juzv atamalari passivlashdi, yaʼni turkiy (oʻzbek) A.ning ritmik birliklari sifatida hijo, rukn va bahr eʼtirof etildi. Mazkur birliklarning kichigi kattasini hosil qiladi (harflarning maʼlum tartibda birikishidan juzv, juzvlarning maʼlum tartibda takrorlanishidan rukn (asl), ruknlarning maʼlum tartibda takrorlanishidan esa bahr), shuningdek, ruknlar sifat yoki miqdor jihatidan zihof (q.)ga uchrashidan qator shoxobchalar paydo boʻladi, bu esa A.ning ritmik imkoniyatlarini kengaytiradi, unga ritmik-intonatsion rang-baranglik beradi. Natijada A. yuzlab vaznlarni oʻz ichiga olgan mukammal tizimga aylanadiki, u qaysidir jihatlari bilan Mendeleyev jadvalini yodga soladi. Yaʼni nazariy jihatdan barcha vaznlar taqteʼsini chizib koʻrsatish, shunga tushadigan sheʼr yozish mumkin; tizim tarkibidagi ayrim vaznlar faol boʻlsa, boshqalari juda kam qoʻllanadi; ayrim vaznlar koʻproq arab, boshqalari fors, tagʻin birlari esa turkiy sheʼriyatda qoʻllanadi va h.

XX asrning 20-yillariga kelib A. sheʼriyatimizdagi yetakchilik maqomini yoʻqotdi, oʻz oʻrnini tilimiz tabiatiga muvofiqroq boʻlgan barmoqqa boʻshatib berdi. Shunga qaramay, XX asrda yashab ijod etgan Hamid Olimjon, Habibiy, Sobir Abdulla, Chustiy, Charxiy kabi, shuningdek, ushbu anʼanani muvaffaqiyatli davom ettirgan Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Jamol Kamol, Oydin Hojiyeva, Mirzo Kenjabek kabi zamondosh shoirlarimiz ijodida ham A.da yozilgan sheʼrlar koʻplab uchraydi.

2) qarang: taqtiʼ

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish