← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Arxaizm

Arxaizm (yun. archaios – qadimgi) – eskirgan, isteʼmoldan chiqqan soʻz (yoki grammatik shakllar). A.lardan tarixiy mavzudagi asarlarda davr koloritini berish, qahramonlar nutqini individuallashtirish (zamonasiga mos holda) kabi maqsadlarda foydalaniladi. Mas., M.Alining “Sarbadorlar” romanidagi ilk jumla: “Hijriy 764 yil shavvol oyining 18-kuni oʻttiz chogʻli tuyalar karvoni Samarqandning Kesh darvozasiga yetib kelganida, vaqt xuftondan oshgan edi”. Dastlabki jumlayoq oʻquvchi diqqat-eʼtiborini oʻzga vaqtga sozlaydi, bunga jumlada qoʻllangan soʻzlar asos boʻladi. Oʻtmish ruhi yuqtirilgan oʻquvchi romanni oʻqish davomida Temur “dastavval oʻziga xos lashkar tuzishga urindi”, “turli shaharlarga tingʻchilar, qulovuzlar yubora boshladi” tarzidagi jumlalar, “Naqoralar chalindi. Navkarlar qoʻliga kishan solingan, uchovining boʻyinlariga bitta jela tashlangan... dor tagiga olib bordilar” kabi lavhalarda qoʻllangan tarixiy soʻz va shakllarni tabiiy qabul qiladi, ayni shu til unsurlari unda oʻtmish ruhini tutib turadi. Bundan tashqari, A.lardan baʼzan uslubga tantanavorlik berish, baʼzan esa doʻstona hazil yo kinoya uchun ham foydalaniladi. Bunga Gʻ.Gʻulomning Charxiy, Ulfat, S.Abdulla, O.Valixonov kabi doʻstlariga bitgan maktublari misol boʻla oladi. Jumladan, Charxiyga yozilgan maktub:

“Doʻsti muhtaram mavlono Asqarali Charxiy Xoʻqandiy.

Asʼada kallohu fiddorayn.

Maktubi muhabbat uslublari soati saʼdda qoʻlimizga tegdi. Boshimiz avji falakdan ham oshib ketdi. Shayxi-shuyux, allomai piri Kiromiddin hazratlarining debochai qalamilari haqindagi xabari sururovarlaridan bisyor mamnun boʻldik. Tez fursatda dastras boʻlmogʻi umididamiz, albatta.

Masalai duvvumga kelganda, fikrimcha, bu ish oʻzim bormasdan, orqavorot – maktub orqali hal boʻlmogʻi mushkul koʻrinur. Yaqin oʻrtalarda Fargʻona tomonlarga safar ixtiyor qilsammukun, degan niyatim ham yoʻq emas. Balki shu muddatda janoblarining iltimoslarini hal qilish uchun arbobi shahri Hoʻqandi firdavsmonandga murojaat qilurman, inshoolloh.

Boqi: Assalomu alaykum.

Gʻafur Gʻulomi Shoshiyi Qoratoshiy”.

Gʻ.Gʻulom maktubida A. va varvarizmlar qoʻllash orqali eskicha uslubni tiklash (stilizatsiya)ga intiladi: madrasa koʻrgan ziyolilar uslubiga xos jumla qurilishi, arabcha-forscha soʻzlar, kalimalar va sintaktik qurilmalarning ishlatilgani shuni koʻrsatadi. Bular esa maktubga tantanavor ruh berish bilan birga, shoirning doʻstona hazil-mutoyibaga moyilligi, eskicha anʼanalarga sodiq qolgan Charxiy domlaga kinoyasini ham ifodalaydi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish