← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Arxetip

Arxetip (yun. archetypon – obrazning ilk asosi, model) – inson tafakkuri, ijodiy tasavvuriga xos boʻlgan turgʻun “sxema”, fikriy konstruksiya va qoliplar, motivlar va ularning turli kombinatsiyalari. A. tushunchasi shveysariyalik ruhshunos K.Yung taʼlimoti bilan bogʻliq holda ommalashdi. Unga koʻra, A.lar kishilik jamiyatining eng qadimgi davrlaridan boshlab insoniyat xotirasida “kollektiv ongsizlik” sifatida yashaydi va ijod jarayonida turli shakllarda oʻzini namoyon etaveradi. Yaʼni A.lar universal xarakterga ega boʻlib, ularning izlarini eng qadimgi davrlardan boshlab to hozirgi adabiyotgacha koʻrish mumkin. A. konstruksiya va sxemalardan oʻziga xos “syujet va syujet holatlari” jamgʻarmasi hosil boʻladiki, ular asardan asarga, davrdan davrga koʻchib yuradi. K.Yungga koʻra, A. avvalo shakl hodisasi boʻlib, muayyan davrda yashayotgan ijodkor ongida uygʻonganidagina uning hayotiy tajribasi bilan boyitiladi va konkret mazmun kasb etadi. Mas., yer yuzidagi birinchi qotillikdan naql qiluvchi “Qobil va Hobil” qissasida hasad, koʻrolmaslik qotillikni keltirib chiqargan boʻlsa, xuddi shu motiv turli kombinatsiyalar koʻrinishida jahon adabiyotida qayta-qayta jonlanaveradi (Shekspir. “Otello”; A.Pushkin. “Motsart va Solyeri”). Shunga oʻxshash, xoʻjayin xotinining xizmatkorni yaqinlikka undashi motivi (“Ezop hayoti”, “Yusuf qissasi” va b.) qadimgi davrlardayoq keng ommalashgan boʻlib, u keyingi davrlar adabiyotida, xususan, oʻzbek adabiyotida ham turli kombinatsiyalarda namoyon boʻladi (Choʻlpon. “Kecha”; U.Hamdam. “Muvozanat”). Yoki “Shoh Edip”dagi insest motivi Gi de Mopassanning “Portda” hikoyasi, T.Qayipberganovning “Qoraqalpoq qissasi”, Oʻ.Hoshimovning “Ikki eshik orasi”, M.Alining “Sarbadorlar” romanlarida oʻzgacharoq koʻrinishlarda akslanadi. Misolga olingan hollarning bari qadimdan mavjud boʻlgan ilk asosga – A.iga ega boʻlib, bu ilk asos konkret davr xususiyatlari bilan bogʻliq holda turlicha koʻrinishlar oladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish