← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Assonans

Assonans (lot. assonare – uygʻun jaranglash; fr. assonance – ohangdoshlik) – 1) sheʼriy nutqda (nasrda nisbatan kam) bir xil unlilar takroriga asoslangan ifodaviylikni kuchaytiruvchi vosita, takrorning fonetik sathdagi xususiy koʻrinishi; sheʼrga xushohanglik baxsh etadi, musiqiylikni kuchaytiradi. Mas., E.Shukurdan olingan quyidagi parchada “O” tovushining takrori A.ni yuzaga keltiradi:

Oltin oyga olma otar Oybodom,

Oybotarda yigʻlab yotar Oybodom.

Oyqizlarning oyparisi Oybodom,

Kunbotardan kuyib oʻtar Oybodom.

Olma yuzli, bodomqovoq Oybodom,

Yoniq sochi yonar bayroq Oybodom.

Yil botarda choʻkar qora suvlarga,

Bu dunyoda oy kabi toq Oybodom;

2) rus adabiyotshunosligida, xususan, sheʼrshunosligida faqat urgʻuli unlilarigina oʻzaro mos keluvchi och qofiya, baʼzan esa umuman och qofiya maʼnosida ham qoʻllanadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish