← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Assotsiativ obraz

Assotsiativ obraz (lot. associatio – birlashtirmoq, qoʻshmoq) – narsa-hodisa va tushunchalar orasidagi ilgʻab olinishi qiyin boʻlgan aloqalarga asoslangan, ularni kutilmagan tarzda biriktirish (qiyoslash, chogʻishtirish, qarshilantirish) orqali voqe boʻluvchi va shu tufayli yuksak darajadagi metaforiklik, subyektivlik kasb etuvchi obraz. Aslida, assotsiativlik har qanday obraz tabiatiga xos xususiyatdir. Yaʼni A.o. badiiy obrazning alohida bir turi emas, bu termin ostida umuman badiiy obrazga xos assotsiativlikni kuchli namoyon etuvchi obraz tushuniladi. Demak, terminning qoʻllanishida muayyan shartlilik mavjud. A.o. oʻquvchidan ijodiy faollikni, narsa-hodisalar orasidagi muallif tayangan aloqalarni, aloqalar zanjirini ilgʻay olishni taqozo etadi. Mas., Z.Roʻziyevaning quyidagi misralarini olaylik:

Sezarmisiz, men bir gul, maysa,

Shabnamimda kulgan quyosh bor...

Maʼlumki, sheʼr ichidagi soʻz, bir tomondan, boshqa soʻzlar bilan mustahkam aloqada – u boshqa soʻzga yo tenglanadi, yo zidlanadi, yo tobelanadi; ikkinchi tomondan, soʻz ortida olam, u anglatayotgan narsa-hodisa va tushunchalar ham borki, ular ham bir-biri bilan aloqador. Yaʼni maʼno soʻz soʻzga urishtirilganda voqe boʻladi. Zero, soʻzning soʻzga urilishi – bamisoli bong, uning jarangi tasavvurimizda qandaydir tushunchalar, narsalar, manzaralar, qiyoslarni – bir soʻz bilan aytganda, assotsiatsiyalarni, assotsiatsiyalar zanjirini uygʻotadi. Shoira “men bir gul” deydi-da, ortidanoq shoshib buni inkor qiladi – oʻzini maysaga qiyoslaydi. Yaʼni quloqlarimiz oʻrganib ketgan “ayol – gul” qiyosi “ayol – maysa” qiyosi uchun koʻprik misoli. Maysa esa tasavvurda mayinlik, beozorlik, zaiflik, siniqlik singari ayolga xos tushunchalarni uygʻotadi. Shu tushunchalar bilan bogʻliq holda “shabnam” ayol qalbini – har ne gardu gʻubordan forigʻ, oʻziga olam tashvishini sigʻdira olgan mitti-ulkan makonni suratlantiradi. Soflik etaloni boʻlmish qatrada esa “kulgan quyosh” bor. Ajdodlarimiz quyoshni “mehr” deb ataganlari yodga olinsa, ayon boʻladiki, bu chizgi bilan ayol qalbi taʼrifi boʻrtib koʻzga tashlanadi. Shu nuqtada muallifning original qarashini, badiiy falsafasini anglash mumkin boʻladi. Ayolni gulga mengzash asosi – goʻzallik, goʻzallik esa oʻtkinchi. Shoira topgan qiyos esa “gul”dan koʻra sigʻimliroq, zero, u ayol zoti uchun umumiyroq va boqiyroq xususiyatni mujassam etmoqda. Parchada ayol qalbi haqida umuman gap yoʻq, lekin assotsiativ aloqalar tufayli u ilgʻab olinadi. Dunyoni metaforik idrok etishga intilayotgan zamonaviy sheʼriyatda A.o.lar tobora keng oʻrin olib bormoqdaki, bu kabi misollarni juda koʻplab keltirish mumkin.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish