← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Atributsiya

Atributsiya (lot. attribution – nisbat bermoq) – matnshunoslik sohasi oldida turuvchi asosiy ilmiy muammo (vazifa)lardan biri, adabiy asarning muallifi, yozilgan vaqti yoki joyini aniqlash, evristika. Bu muammo turli manbalardan (mas., tazkiralar, tarixiy asarlar, arxiv materiallari, xotiralar va b.) hujjatli dalillar topish; muallifi nomaʼlum asarning gʻoyaviy-badiiy, til va uslub xususiyatlarini shak-shubhasiz nisbat berilayotgan ijodkor qalamiga mansub asar bilan qiyosiy oʻrganish; asarning yozuvi (kotibi, xattotlik maktabi, xat va uning ommalashgan davri), kitobat qilinish xususiyatlari (qogʻoz, siyoh, muqova, bezaklar va b.)ni tadqiq etish kabi yoʻllar bilan hal qilinadi. Shularning barini eʼtiborda tutgan holda kompleks yondashuv asosida amalga oshirilgan A.gina ilmiy sanaladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish