← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Avangardizm

Avangardizm (fr. avant-garde – oldingi otryad, ilgʻor) – 1) shartli ravishda modernistik adabiyotning bir qator oqimlariga xos boʻlgan xususiyatning umumiy nomi sifatida qoʻllanuvchi termin. Yaʼni A. adabiy jarayondagi muayyan bir yoʻnalish yoki oqim emas, balki bir qator oqimlarga xos xususiyat, yana ham aniqrogʻi, modernizmning keskin, radikal qanotidir. A. adabiyotning reallik bilan aloqasini inkor qilish, adabiyot va sanʼatni ijtimoiy hayot bilan bogʻliq boʻlmagan alohida soha deb bilish, adabiy anʼanalarni inkor qilish va badiiy shaklda mutlaq yangilik yaratish daʼvosini olgʻa surish kabilarda namoyon boʻladi (q. futurizm, dadaizm, syurrealizm); 2) modernizmning bosqichlaridan biri, oʻz ichiga Birinchi jahon urushi arafalaridan boshlab Ikkinchi jahon urushi oxirigacha boʻlgan davrni qamrab oladi. Modernizmni bu tarzda davrlashtiruvchi mutaxassislar uning yana neoavangardizm (XX asrning 50–60-yillari) va postmodernizm (70-yillardan boshlab) bosqichlarini ham ajratadilar. Lekin bu mavjud qarashlardan birigina boʻlib, umumeʼtirof etilgan emas; 3) Gʻarb adabiyotshunosligida modernizmning bir qator oqimlariga xos xususiyat yoki uning bir bosqichi sifatida emas, balki umuman modernizm maʼnosida ham qoʻllanadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish