← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Avtobiografik asar

Avtobiografik asar (yun. autos – oʻzim, bios – hayot, grapho - yozaman) – muallifning oʻz hayoti haqida izchil hikoya qilishiga asoslangan adabiy janr. A.a.ni yozuvchining turli munosabat bilan yozilgan avtobiografiyasi (tarjimai hol)dan farqlash lozim. A.a. muallifi oʻz hayotini qaytadan yashab koʻradi, uni bir butun sifatida idrok etishga intiladi. Yashab oʻtilgan hayotni bir butunlikda idrok etish ehtiyoji tufayli A.a. muallifi baʼzan badiiy toʻqimalarga ham yoʻl qoʻyishi tabiiy, chunki u hayotini yaxlit estetik mushohada qilarkan, uni ijodiy qayta yaratadi. Shuning uchun ham A.a.lar aksar hollarda mualliflarning ijodiy yetuklik pallalarida, umrlari nihoyasida yoziladi (mas., Oybekning “Bolalik” qissasi). Mutaxassislar A.a.ni chegaradagi, yaʼni boshqa janrlar bilan kesishuvchi janr deb hisoblaydilar. Haqiqatan ham, A.a.ning memuarlar, kundaliklar, ayrim sayohatnomalar bilan oʻxshash tomonlari bor. A.a.ning memuarlardan farqi shuki, memuar asarda muallifni voqelik (oʻzi uchratgan kishilar, guvohi boʻlgan yoki qatnashgan voqealar) qiziqtirsa, A.a. muallifi diqqat markazida oʻzining voqelik bilan uzviy aloqadagi shakllanish tarixi, qalb va ongi tarixi turadi. Yoki kundaliklarda ham A.a.dagi kabi muallifning boshdan oʻtkazgan va koʻngildan kechirganlari aks etadi. Farq shuki, kundaliklarda tasvirlanayotgan voqealarning yuz berish vaqti bilan ular haqida yozish vaqti orasida davriy masofa yoʻq, bu esa oʻz hayotini bir butunlikda koʻrishga xalal beradi, yaʼni muallif bosib oʻtgan hayot yoʻli uning oʻzi uchun estetik idrok obyektiga aylanmaydi. A.a. bilan avtobiografik xarakterdagi asarlarni farqlash kerak. Avvalo, shuni aytish kerakki, har qanday adabiy asarda avtobiografiklik unsurlari mavjud, chunki asar muallifning hayotiy tajribasi asosida dunyoga keladi: ijodkor hayotida yuz bergan ayrim voqealar, u guvoh boʻlgan holatlar, shular taʼsirida yuzaga kelgan oʻy-kechinmalar matnga singib ketishi tabiiy. Avtobiografik xarakterdagi asarda biografik unsurlar salmoqli oʻrin tutgani holda, badiiy toʻqima hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi (mas., Gʻ.Gʻulomning “Shum bola” qissasi). Boshqacha aytsak, xuddi real prototipiga ega asarlardagi kabi, avtobiografik xarakterdagi asar uchun muallif – prototip, xolos, uning asosida boshqa bir shaxs obrazi yaratiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish