Avtograf (yun. autos – oʻzim, grapho – yozaman) – 1) muallif qoʻlyozmasi; adabiy asarning muallif qoʻli bilan yozilgan matni. A. matnshunoslik uchun muhim manba boʻlib, asarning asl (kanonik) matnini belgilashda, yozuvchi ijodiy laboratoriyasini tadqiq etishda juda katta ahamiyatga ega. A.lar, odatda, yozuvchi-shoirlarning xonadonlarida (ularning merosxoʻrlari qoʻlida), uy-muzeylarida, turli arxiv, kutubxona, ilmiy-tadqiqot muassasalari fondlarida saqlanadi. Ilm-fan va texnika taraqqiyoti A. tushunchasiga maʼlum oʻzgartirishlar kiritdi. XIX asr oxirlaridan boshlab yozuvchilar orasida oʻz asarlarini yozuv mashinkasida, XX asr oxirlaridan esa kompyuterda yozish rasm boʻldi. Shunga koʻra, endilikda asarning muallif tomonidan yozuv mashinkasi yoki kompyuterda terilgan matni ham A. sanaladi; 2) kitobni biror shaxs (tashkilot, muassasa va sh.k.)ga taqdim etish chogʻida uning titul varagʻiga muallif qoʻli bilan bitiladigan moʻʼjaz yozuv, dastxat. Unda, odatda, muallifning kitob taqdim etilayotgan kishiga samimiy tilaklari, minnatdorligi va sh.k.lar izhor etiladi.
Автограф (юн. autos – ўзим, grapho – ёзаман) – 1) муаллиф қўлёзмаси; адабий асарнинг муаллиф қўли билан ёзилган матни. А. матншунослик учун муҳим манба бўлиб, асарнинг асл (каноник) матнини белгилашда, ёзувчи ижодий лабораториясини тадқиқ этишда жуда катта аҳамиятга эга. А.лар, одатда, ёзувчи-шоирларнинг хонадонларида (уларнинг меросхўрлари қўлида), уй-музейларида, турли архив, кутубхона, илмий-тадқиқот муассасалари фондларида сақланади. Илм-фан ва техника тараққиёти А. тушунчасига маълум ўзгартиришлар киритди. XIX аср охирларидан бошлаб ёзувчилар орасида ўз асарларини ёзув машинкасида, XX аср охирларидан эса компьютерда ёзиш расм бўлди. Шунга кўра, эндиликда асарнинг муаллиф томонидан ёзув машинкаси ёки компьютерда терилган матни ҳам А. саналади; 2) китобни бирор шахс (ташкилот, муассаса ва ш.к.)га тақдим этиш чоғида унинг титул варағига муаллиф қўли билан битиладиган мўъжаз ёзув, дастхат. Унда, одатда, муаллифнинг китоб тақдим этилаётган кишига самимий тилаклари, миннатдорлиги ва ш.к.лар изҳор этилади.
Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.