← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Avtointerpretatsiya

Avtointerpretatsiya (yun. autos – oʻzim, lot. interpretation – tushuntirmoq) – muallifning oʻquvchiga oʻz asarini tushuntirish, unga oʻzi nazarda tutgan maʼnoni anglatishga qaratilgan harakati. A. turli shakllarda (soʻz boshi, sarlavha, epigraf, bagʻishlov, soʻngsoʻz, satr osti izohlari va sh.k.) amalga oshishi mumkin. Mas., Faxriyorning “Arafa” sheʼrida sarlavha mazmunning anglanishida juda muhim:

Devorda osigʻliq qilich

zanglarini toʻka boshladi,

yaraqlay boshladi toʻsatdan

yarim oy shaklida...

Devor esa qizil edi.

Sheʼr 1989 yilda yozilgani eʼtiborga olinsa, shoir uni nima uchun “Arafa” deb nomlagani ham, sheʼrdagi ramziy obrazlar mazmuni ham anglashiladi. Yoki X.Davron “Dunyo goʻzal, – dedi...” deb boshlanuvchi sheʼriga Rudakiydan “Koʻzlarimdan ayrilib koʻrdim butun dunyoni” misrasini epigraf qilib oladi, shu epigraf tufayligina oʻquvchi matnda “keksa shoir” deb atalgan lirik personaj Rudakiy ekanini anglaydi, sheʼrdagi oʻtkir dramatizmni his qiladi, uning falsafiy mazmunini tushunadi. “Oʻtgan kunlar”ning bir oʻrnida A.Qodiriy satr osti izohi shaklida Musulmonqulning qatl etilishi epizodini beradi, bu esa Musulmonqul Otabek bilan toʻqnashgan holat mohiyatini, muallifning inson konsepsiyasini toʻgʻri tushunish uchun bir kalitdir. Koʻpincha A.ning mazkur shakllarida quvlik, tagdor maʼnoga ishora mavjudligi kuzatiladi. Mas., Choʻlpon “Kecha” romaniga M.Gorkiyning: “Maʼrifat chogʻishtirib koʻrish orqali hosil boʻladi, bizning yoshlar esa oʻz koʻrganlarini hech nima bilan chogʻishtirolmaydilar, ular kechmishni bilmaydilar va shu uchun hozirgi zamonning nimaligini yetarli darajada ochiq anglayolmaydilar”,– degan soʻzlarini epigraf qilib oladi. Bu oʻrinda epigraf maʼnosini ikki yoqlama tushunish imkoniyati bor: Choʻlpon kechmishni yoshlar hozirgi zamonning qadriga yetsinlar, degan maqsadda tasvirlayotganini “sovet yozuvchisi” mavqeidan turib taʼkidlaydi, ayni chogʻda, soxta tarix miyasiga singdirilib, manqurtga aylantirilayotgan yoshlar “hozirgi zamonning nimaligini yetarli darajada ochiq anglasinlar” uchun asarni yaratganini millatning koʻzi ochiq bir vakili mavqeida turib aytadi. Yaʼni epigraf tanlashdayoq Choʻlpon romanning mazmun strukturasi modelini shakllantiradi: oʻzi aytmoqchi boʻlgan fikr tubda, yuzadagisi esa faqatgina “niqob” – vosita, xolos. Shuningdek, muallif oʻz asari (ayniqsa, asar bahs-munozaralarga sabab boʻlsa) haqida matbuot orqali bildirgan fikrlar (suhbat, maqola, ochiq xat va sh.k.) ham A.ning koʻrinishlaridan sanaladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish