← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Bagʻishlov

Bagʻishlov (rus. posvyasheniye – bagʻishlov) – 1) asarning biron bir shaxsga bagʻishlanganini ifoda etuvchi qismi, debocha; metsenatlikning paydo boʻlishi bilan bogʻliq holda antik Rimda urfga kirgan, keyinchalik Yevropa adabiyotlarida anʼanaga aylangan. B. sheʼriy yoki nasriy yoʻlda bitilib, asarning boshlanish qismidan joy olgan. B.da homiylik qilgan metsenat madh etilgan, minnatdorlik izhori bilan birga, uni yanada koʻproq iydirish, oʻz ijod mahsuli uchun ragʻbat olish maqsadi koʻzda tutilgan. Shunga koʻra, bunday B.larning uslubi ham tantanavor, balandparvoz boʻlgan (Sharq adabiyotida ham shunga oʻxshash anʼana boʻlgan: “Qutadgʻu bilig”dagi Bugʻroxon madhi, Xorazmiy “Muhabbatnoma”sidagi Muhammadxojabek madhi mohiyat eʼtibori bilan B.ga yaqin turadi). Biroq keyinchalik B.dan koʻzda tutilgan maqsadlar doirasi va shunga mos holda uning mazmun-mundarijasi ham kengayadi. Mas., Molyer mutaassib dindorlardan himoya izlab “Tartyuf” komediyasini qirol Lyudovik XIV ga B. bilan boshlaydi; Volter “Brut” tragediyasiga yozgan B.da oʻzining maʼrifatchilik teatri haqidagi mulohazalarini bayon qiladi va sh.k.; 2) zamonaviy adabiyotda B. – asarning muallif hurmati, eʼzozi, minnatdorligi, muhabbati va h. tuygʻular ifodasi sifatida biron bir shaxs, uning xotirasi, muayyan bir joy, muassasa, voqea-hodisa va sh.k.larga bagʻishlanishi, shu haqdagi qayd. Odatda, B. asar sarlavhasidan keyinoq qayd etib qoʻyiladi. Mas., A.Oripovning “Arslon chorlagandi...” sheʼriga “E.Vohidovga”, “Qozogʻiston” sheʼriga “Oʻljasga”, “Otello” sheʼriga “Abror Hidoyatov xotirasiga bagʻishlayman”, “Makonda lomakonimsan, endi qaydan izlagaydurman” misrasi bilan boshlanuvchi sheʼriga “Onam vafotiga” tarzida, T.Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romaniga esa “Birlashgan Millatlar Tashkiloti aʼzosi – ozod Oʻzbekiston uchun yozdim” tarzida B. yozilgan; 3) lirik janr, biron-bir shaxs (narsa, joy va sh.k.)ga murojaat shaklida yozilib, koʻproq uni taʼriflash, unga munosabatni ifodalashga qaratilgan sheʼriy asar. A.Oripovning “Kursdoshlarimga”, “Sergey Yeseninga”, “Dengizga”, “Hamid Olimjon xotirasiga”, “Munojot”ni tinglab”, “Nomaʼlum ayol” suratiga” kabi sheʼrlari B. janrining sara namunalari sifatida koʻrsatilishi mumkin.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish