← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Belletristika

Belletristika (fr. belles letters – soʻz sanʼati, nafis soʻz) – keng maʼnoda umuman soʻz sanʼati, badiiy adabiyot maʼnosini bersa-da, termin turlicha maʼnolarda ishlatiladi. 1) nasriy yoʻlda yozilgan adabiy asarlarni bildiradi; 2) soʻz sanʼati maʼnosidagi adabiyotga taalluqli asarlarni badiiy qimmatiga koʻra darajalash maqsadida klassika bilan ommaviy adabiyot orasidagi hodisa maʼnosida qoʻllanadi. Bu maʼnoda B. badiiy jihatdan mukammal klassik asarlarga ham, badiiy nochor ommaviy adabiyot namunalariga ham qarshi qoʻyiladi. Shunga koʻra, mavjud adabiy asarlarning aksariyati (jumladan: sarguzasht, detektiv, fantastika kabilar) B.ga mansub etiladi. Mutaxassislar B.ning paydo boʻlishini yozuvchilikning professional faoliyat turiga, kasbga aylanishi bilan bogʻlaydilar; 3) adabiyot tushunchasi qamrab oluvchi asarlarni tabiatiga koʻra farqlash maqsadida ishlatiladi. Bunda adabiy asarlarni B. deb atab, ular adabiy-badiiy asarlarga qarshi qoʻyiladi. Yaʼni bu maʼnoda B. badiiy obraz vositasida fikrlamaydigan adabiy asarlarni bildiradi va bir qator adabiy janrlarni qamrab oladi: ocherk, safarnoma, esse, memuarlar, maktublar, aforistika va b.; 4) adabiyotning yaxshi namunalariga qarshi qoʻyiluvchi “yengil adabiyot” maʼnosida qoʻllanadi. Bu maʼnoda B. deyilganda, hozirgi kunda matbuotda tijoriy maqsadni koʻzlab chop etilayotgan yengil-yelpi bitiklar, ommaviy adabiyot tushuniladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish