← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Bestseller

Bestseller (ingl. best – eng yaxshi, sell – sotilmoq) – noshirlikning tijoriy tomoni bilan bogʻliq holda yuzaga kelgan termin, katta tirajda chop etilgan va tez tarqalib ketgan, tijoriy nuqtai nazardan muvaffaqiyat qozongan kitob. Shundan kelib chiqib, B. termini kitobxonlar tomonidan qizgʻin kutib olingan va qoʻlma-qoʻl boʻlib ketgan asarlarga nisbatan ham qoʻllanadi. Biroq muayyan asarning B.ga aylanishi uning badiiy mukammallik darajasini belgilay olmaydi, chunki asar badiiyatga aloqasi boʻlmagan turli omillar (qizgʻin reklama, ayni oʻz vaqtida yozilganlik, keng ommaning did va talablariga moslik va b.) natijasida B.ga aylanishi mumkin. Albatta, chinakam soʻz sanʼatiga daxldor asarlar ham B.ga aylanishi mumkin (mas., G.Markes, P.Koelo asarlari), biroq amalda bu koʻproq ommaviy adabiyot namunalari (detektiv, sarguzasht, fantastika, jangari asarlar va sh.k.)ga nasib etadi. Bu oʻrinda ustalik bilan, ommaning qiziqishlari va ruhiyatini hisobga olgan holda amalga oshirilgan reklama, turli taqdimotlar muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, noshirlik ishlari tijoriy asosga qoʻyilgan Gʻarb mamlakatlarida chop etilgan asarlarning tiraji, sotilishi kabi koʻrsatkichlar boʻyicha reytinglari ham muntazam eʼlon qilib boriladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish