← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Bibliografiya

Bibliografiya (yun. biblion – kitob, grapho – yozmoq) – 1) kitoblar, vaqtli nashrlarda eʼlon qilingan asarlar roʻyxatini tuzish, ularni tematik yoki boshqa (fan sohalari boʻyicha, mualliflar ismi-sharifi boʻyicha va h.) jihatlarga koʻra tasniflash, qisqacha annotatsiyalar yozish kabi vazifalarni oʻz oldiga qoʻyuvchi ilmiy-amaliy soha; 2) adabiyotshunoslikning yordamchi sohasi. Adabiyotshunoslik B.si adabiyotshunoslik boʻyicha tadqiqot ishlari olib borish uchun zarur maʼlumotlarni – badiiy asarlar, adabiyotshunoslikka oid kitoblar, maqolalar, ilmiy tadqiqotlar roʻyxatlarini tuzish, muayyan tematik yoʻnalishdagi yoki xronologik asosdagi bibliografik koʻrsatkichlar tayyorlash bilan shugʻullanadi. Bunday koʻrsatkichlar biron-bir mavzu boʻyicha izlanayotgan tadqiqotchining vaqtini tejaydi, ilmiy faoliyati samarasini oshiradi, shu bilan birga, mavzu boʻyicha amalga oshirilgan ishlar bilan toʻliq tanishish imkonini beradi, demak, ilmiy xulosalarning obyektiv va ahamiyatli boʻlishiga ham zamin hozirlaydi. Oʻzbek adabiyotshunosligida B. sohasida ham birmuncha ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, OʻzR FA Bosh kutubxonasi xodimlari tomonidan tayyorlangan “Adabiy hayot” bibliografik koʻrsatkichi; Fitrat, A.Qodiriy, Choʻlpon, Gʻ.Gʻulom, A.Qahhor kabi ijodkorlar, M.Qoʻshjonov, O.Sharafiddinov, U.Normatov, N.Karimov kabi qator olimlar faoliyatini yorituvchi bibliografik koʻrsatkichlarni bunga misol qilib keltirish mumkin.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish