← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Biografik metod

Biografik metod (yun. bios – hayot, grapho – yozmoq) – adabiyotshunoslikdagi kontekstual tahlil metodlaridan biri. Ushbu metod XIX asrning ikkinchi yarmida shakllangan boʻlib, asoschisi sifatida fransuz olimi Sh.Sent-Byov eʼtirof etiladi. B.m. badiiy asarni muallifining hayot yoʻli kontekstida oʻrganishni nazarda tutadi. Zero, badiiy asarda ijodkor shaxsiyati akslanadi, shunday ekan, uning koʻp qirralari muallif biografiyasi kontekstida anglashiladi. Boshqacha aytganda, B.m. asarga muallif yuklagan mazmunni anglashda yetakchi ahamiyat kasb etadi. Mas., A.Qahhorning “Dahshat” (1960) hikoyasi oʻtmishdan bahs yuritadi, biroq uni biografik kontekstda olinsa, hikoyada adib asar yaratilgan davr muammolarini badiiy idrok etarkan, oʻz ruhiyatida va qarashlarida roʻy bergan burilishni aks ettirganini koʻrish mumkin. B.m.ning qanchalik samarali boʻlishi koʻp jihatdan tadqiqotchi qoʻl ostidagi biografik materialga bogʻliqdir. Tadqiqotchi ixtiyoridagi biografik material asar genezisi (yaratilishiga turtki boʻlgan omillar, obrazlar va syujet chiziqlarining real ildizlari, unda ifodalangan gʻoyalar mohiyati va sh.k.)ni oʻrganish imkonini beradi. Biografik material (yozuvchi hayoti va faoliyati bilan bogʻliq hujjatlar, u harakat qilgan muhit va shu muhit kishilari bilan oʻzaro aloqalari haqidagi maʼlumotlar, uning yozishmalari, u haqdagi xotiralar va b.) qancha boy boʻlsa, metodni qoʻllash shuncha samarali natijalar beradi. Albatta, biografik material mutlaq toʻliq boʻlmaydi, yaʼni yozuvchining hayotini kunma-kun hujjatli asosda tiklash mahol. Shuning uchun ham B.m. muallif hayotiga oid faktlarni jonlantirish, yetishmagan oʻrinlarni toʻldirishni ham taqozo etadiki, bu hol unga gipotetik unsurlarni ham olib kiradi. Mas., Choʻlponning “Qalandar ishqi” sheʼri biografik kontekstda olib qaralsa, uning yangi-yangi mazmun qirralari ochiladi. Sheʼr 1920 yilda yozilgan. Choʻlpon oʻsmir paytidan boshlab fevral inqilobi yuzaga keltirgan sharoitda “yurtim uchun demokratik yoʻl bilan ozodlikka erishish imkoni tugʻildi”, degan ishonch bilan qaynoq ijtimoiy faoliyatga shoʻngʻigan boʻlsa, keyinroq bu yoʻldagi harakatlari zoye ketib, umidlari chilparchin boʻldi. Yaʼni sheʼr Choʻlpon “asrlik tosh yangligʻ bu xatarli yoʻlda qotgan”, umidsizlikka tushgan davrda yozilgan. Shoir kayfiyati “Karashma dengizin koʻrdim na nozlik toʻlqini bordir, Halokat boʻlgʻusin bilmay qulochni katta otdim-ku”, “Qalandardek yurib dunyoni kezdim topmayin yorni, Yana kulbamga qaygʻular, alamlar birla qaytdim-ku” kabi satrlarda oʻz ifodasini topadi. Sheʼrdagi “Bu dunyo deb u dunyoni bahosiz pulga sotdim-ku” misrasi shoir iztiroblarining choʻqqisini ifoda etadiki, uning mazmunini biografik kontekstdan tashqarida anglash qiyin. Avvalo, oʻzbek tili uchun gʻalizroq “bahosiz pul” birikmasiga eʼtibor qilish kerak. Sheʼr yozilgan davr kishilariga “bahosiz pul” deganda, Kerenskiy hukumati muomalaga kiritgan va tezda oʻta qadrsizlangan pulni nazarda tutilgani aniq boʻlgan. Shundan kelib chiqsak, Choʻlpon bu bilan fevral inqilobiga ishonib “u dunyoni bahosiz pulga sotdim-ku”, deya iztirob chekayotgani maʼlum boʻladi. Iztirobning asosi shuki, tahlikali zamonda shoirning otasini oʻgʻlining siyosiy faolligi tashvishlantirgan, tabiiyki, u yolgʻiz oʻgʻlining oʻz yonida, xavf-xatardan yiroq boʻlishini istaydi. Biroq “karashma dengizi”ga oshufta oʻgʻil otani tashvishga qoʻyib, norozilantirib boʻlsa-da, oʻz bilganidan qolmaydi. Yaʼni milliy ruhda tarbiya topgan Choʻlpon endi otasini norozilantirganiga oʻkinadi, bu holni “u dunyoni bahosiz pulga sotmoq” deb biladi.

Adabiy asar tahlilida B.m. nechogʻli muhim boʻlmasin, uni mutlaqlashtirish toʻgʻri emas. Bu hol adabiyotshunoslik tarixida kuzatilgan. Jumladan, XX asr boshlarida B.m.ni sof holda (yaʼni yozuvchi biografiyasini davrning ijtimoiy, madaniy, maʼrifiy shart-sharoitlaridan uzib) qoʻllash, ijodkor qalbining suratini yaratishga intilish (fransuz olimi R.de Gurmon, rus olimi Yu.Ayxenvald) kuzatiladi. Tabiiyki, bu badiiy ijod tabiatini joʻnlashtirish boʻlib, muqarrar ravishda biryoqlamalikka olib keladi. Adabiy asar tahliliga kompleks yondashish, B.m.ni boshqa metodlar bilan aloqada qoʻllash ilmiy jihatdan toʻgʻriroq boʻlishi va yaxshiroq samara berishini unutmaslik lozim.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish