← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Dadaizm

Dadaizm (fr. dada – yogʻochdan ishlangan oʻyinchoq ot, koʻchma maʼnoda bolalarga xos betartib nutq) – Birinchi jahon urushi davri Yevropa adabiyoti va sanʼatidagi avangardistik oqim; Birinchi jahon urushida qatnashayotgan yurtlardan betaraf Shveysariyaga kelib, muhojirlikda yashayotgan anarxistik kayfiyatdagi ijodiy ziyolilar muhitida shakllangan, Syurixda chop etilgan “Kabare Volter” (1916 – 1917) jurnali tevaragida uyushgan. D. mohiyat eʼtibori bilan urushga, jahon urushini keltirib chiqargan muhitga qarshi isyon edi. Ularning isyoni mavjud tartibotlarni inkor qilish, ularni maʼnisiz (absurd) deb hisoblashda, anarxizmni bunday sharoitda eng maqbul mavqe deb bilishda namoyon boʻladi. Shulardan kelib chiqib, D.ning sanʼat va adabiyotdagi isyonkorlik mavqei belgilangan: ular badiiy ijodda irratsionalizm tarafdori boʻlganlar, adabiy-badiiy anʼanalarga nisbatan nigilistik antiestetizm mavqeini egallaganlar. Ularning ijod amaliyotidagi isyoni adabiyotda soʻz va tovushlarni maʼnosiz biriktirish, tasviriy sanʼatda narsalarni oʻzaro mazmuniy-mantiqiy aloqasiz, tasodifiy tarzda jamlab tasvirlash kabilarda namoyon boʻladi. D. vakillari adabiyot va sanʼatning ijtimoiy funksiyalarini inkor qilganlar, chinakam sanʼat ijtimoiylikdan xoli boʻladi, deb hisoblaganlar. Adabiy-badiiy oqim sifatida D. uzoq yashamadi: oʻtgan asrning 20-yillari boshidayoq barham topdi, uning qatorida boʻlgan ijodkorlarning bir qismi syurrealistlar, boshqa bir qismi esa ekspressionistlar safini toʻldirdilar.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish