← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Dekadentlik

Dekadentlik (lot. decadentia – tanazzul, tushkunlik) – XIX asr oxiri – XX asr boshlari Yevropa xalqlari badiiy va ijtimoiy tafakkurida kuzatilgan tushkunlik (tanazzul) holatlarini umumlashtirib ifodalovchi termin. Yaʼni D. alohida bir adabiy yoʻnalish yoki oqimga xos boʻlmay, umuman, shu davrda ijod qilgan sanʼatkorlarga, hatto, ulkan iqtidor egasi boʻlgan ayrim realistlarga ham u yoki bu darajada xos boʻlgan kayfiyat, ruhni anglatadi. D. kayfiyati ertangi kunga, insoniyat kelajagiga umidsiz qarash, inson aql-zakovati, kuch-qudrati, uning oliy xilqat sifatidagi mavjudligiga ishonchsizlik, mavjud voqelikni qabul qila olmaslik kabilarda namoyon boʻladi. Mazkur kayfiyatning keng tarqalishi uning obyektiv tarzda, jamiyat hayotining barcha jabhalarida kuzatilgan inqiroz natijasi oʻlaroq yuzaga kelganidan dalolat beradi. D. kayfiyati ilk bor fransuz simvolistlari (P.Verlen, A.Rembo, S.Mallarme) ijodida, keyinroq rus simvolistlari (D.Merejkovskiy, Z.Gippius, F.Sologub) faoliyatida, shuningdek, XX asr boshida ommalashgan neonaturalistik proza (L.Andreyev, M.Arsibashev)da keng kuzatiladi. Dunyoqarash bilan uzviy bogʻliqligi va bevosita ijodkorning voqelikka munosabati natijasi oʻlaroq yuzaga kelishi eʼtiborga olinsa, D. kayfiyatining keyingi davr modernistik adabiyot vakillari ijodida tez-tez koʻrinish berib turishi ham tabiiy va qonuniy ekani anglashiladi. Shu bilan birga, modomiki, ijodkor dunyo bilan faol munosabatda yashar ekan, hayoti va faoliyatining muayyan bosqichida uning ongiyu qalbida shunday kayfiyat ustuvorlik qilib qolishi mumkinligini ham inkor qilib boʻlmaydi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish