← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Detal

Detal (fr. detail – tafsilot, mayda-chuyda) – badiiy detal; badiiy asarda muayyan mazmun ifodalovchi, gʻoyaviy-badiiy yuk tashuvchi tafsilot. Avvalo, D. badiiy voqelikni yaratish vositasi – ashyosi boʻlib, u tasvirlanayotgan narsa-hodisani konkretlashtiradi, uni hissiy idrok qilish mumkin boʻlgan tarzda gavdalantiradi. Boshqacha aytsak, D. asarda tasvirlangan obrazning kichik bir qismi (yaʼni u hamisha predmetlilikni koʻzda tutadi), detallarning birikuvi natijasida oʻsha obraz koʻz oldimizda butun holda namoyon boʻladi. Badiiy D. ortida maʼlum bir realiya mavjud: maishiy turmush yoki joy tafsilotlari, portret chizgilari va sh.k. Shuningdek, personajning imo-ishoralari (jest), tana holati (poza), xatti-harakati, gap-soʻzlari ham D. sanaladi, ular bari birlikda konkret inson obrazini gavdalantiradi. Yaʼni badiiy D., avvalo, badiiy voqelikni toʻlaqonli va konkret his etiladigan darajada jonli tasvirlashga xizmat qiladi. Biroq badiiy asardagi D.ning funksiyasi shuning oʻzi bilan cheklanmaydi. U badiiy voqelik ashyosi boʻlish bilan birga, badiiy umumlashtirishga intiladi, yozuvchi fikrini aniqlashtirish, toʻldirish, kuchaytirish maqsadlariga ham xizmat qiladi. Mas., A.Qahhorning “Anor” hikoyasi quyidagicha boshlanadi: “Turobjon eshikdan hovliqib kirar ekan, qalami yaktagining yengi zulfinga ilinib tirsakkacha yirtildi. Uning shashti qaytdi. Joʻxori tuyayotgan xotini uning qoʻlidagi tugunchani koʻrib, kelisopni kelining ustiga qoʻya chopdi. Keli lapanglab agʻanadi, chala tuyilgan joʻxori yerga toʻkildi”. Ushbu parchaning oʻzida harakat (“hovliqib kirmoq”, “kelisopni kelining ustiga qoʻya chopdi”), portret (“qalami yaktak”), peyzaj (“zulfin”), maishiy turmush (“keli”, “joʻxori”, “tuguncha”) D.lari boʻlib, ular birlikda shu konkret hayotiy holatni oʻquvchi koʻz oldida jonlantiradi. Yaʼni bu ularning birlamchi funksiyasi. Bundan tashqari, mas., “zulfin” D.i umumlashtirish funksiyasini bajaradi: odam kirganida yengi zulfinga ilinib yirtilishi uchun eshik kichkina boʻlishi kerak, demak, hovli ham shu eshikka yarasha. Koʻrinadiki, birgina “zulfin” D.i oilaning yashash sharoiti haqidagi informatsiyani umumlashtirib beradi. Parchadagi ikkinchi D. – “tuguncha” ikkala personajni birdek hayajonlantiradi: “tugunchaning olib kelingani” Turobjon uchun ham, xotini uchun ham oʻta ahamiyatli (psixologik funksiya), mazkur hol oʻquvchi diqqatini unga yoʻnaltiradi, holatga bepisand qaramaslik kerakligiga ishontiradi (retseptiv ustanovka berish funksiyasi). Parchada boshqa D.larning ham shunga oʻxshash funksiyalari bor, bundan tashqari, ularning funksiyasi shu parcha doirasi bilan cheklanmaydi. Demak, badiiy D. asar matnida polifunksional tabiatga ega boʻladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish