← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Detektiv adabiyot

Detektiv adabiyot (ingl. detective – izquvar) – sarguzasht adabiyotining bir tarmogʻi, syujeti asosida sirli jinoyatlarni ochish bilan bogʻliq voqelar yotuvchi asarlarning umumiy nomi. D.a. turli janrlarga mansub asarlarni – hikoya, qissa, romanlarni oʻz ichiga oladiki, bu uning tematik jihatdan ajratilishini koʻrsatadi. Shu bois ham adabiyotshunoslikka oid ayrim ishlarda, muomala amaliyotida mavzu jihatidan D.a. ga yaqin boʻlgan harbiy razvedka, turli maxfiy xizmatlar faoliyati haqidagi, shuningdek, boshqa koʻplab oʻtkir syujetli, lekin bevosita jinoyat qidiruv bilan bogʻliq boʻlmagan asarlar ham D.a.ga mansub sanaladi. D.a.ning klassik namunalari XIX asr Yevropa adabiyotida yaratilgan boʻlib, asoschisi sifatida fransuz adibi Edgar Po eʼtirof etiladi. Uning “Morg koʻchasidagi qotillik” (1841) nomli asarida ilk bor hayratomuz mantiqiy tahlil qobiliyatiga ega izquvar obrazi yaratilgan, asar syujeti toʻlaligicha jinoyatni ochish bilan bogʻliq voqealar silsilasidan iborat. D.a. taraqqiyotida A.Konan Doyl, G.Chesterton, J.Simenon, A.Kristi, Yu.Semenov kabi ijodkorlarning katta xizmatlari bor. Qiziqarli avantyuraga boy syujet, oʻqishlilik D.a.ning keng ommalashib borishiga asos boʻldi. XX asrga kelib, ommaviy axborot vositalari imkoniyatlarining kengayishi, kino va televideniyening rivojlanishi bilan bogʻliq holda D.a.ga talab yanada kuchaydi. Endi keng omma talabiga mos D.a. namunalari – Jeyms Bond tipidagi josuslar, Fantomas tipidagi aqlli jinoyatchilar, mafiya ichida xufiya ish yuritayotgan yoki jinoyat olamiga qarshi yakka kurashayotgan politsiyachiyu maxfiy xizmat xodimlari va sh.k.lar haqidagi oldi-qochdilarga toʻla asarlar koʻpaydi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish