← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Devon

Devon (ar. دون – yozish, roʻyxatga olish, toʻplam) – Sharq mumtoz adabiyotidagi sheʼriy toʻplamlarning asosiy turi. D.ga shoirlarning oʻzlari yoki boshqa shaxslar (kotiblar, shogirdlar, muxlislar va sh.k.) tomonidan tartib berilgan. Sharq adabiyotda D. tartib berish anʼanasi shakllangan boʻlib, bu anʼanaga qatʼiy amal qilingan. D.ga kiritilgan sheʼrlar, bir tomondan, janriga koʻra, ikkinchi tomondan esa alifbo (bu talab asosan gʻazallarni joylashtirishga qoʻyiladi) tartibiga koʻra joylashtiriladi. D.lar, asosan, gʻazal janri bilan, baʼzan esa qasida bilan boshlanadi. Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy” kulliyoti tarkibiga kiruvchi “Gʻaroyib us-sigʻar” D.iga gʻazal, mustazod, muxammas, musaddas, tarjiʼband, masnaviy, qitʼa, ruboiy tarzida tartib berilgan boʻlsa, “Badoyeʼ ul-vasat” D.i gʻazal, mustazod, muxammas, musaddas, tarjiʼband, qasida, qitʼa, chiston, tuyuq tarzida tartiblangan. Koʻrinib turganidek, sheʼriy majmuaning D. sanalishi uchun uning tarkibiga mumtoz lirikaga xos barcha janrlardagi sheʼrlarning kirishi shart emas, adabiyotimizda faqat gʻazallardan tartiblangan D.lar ham mavjud (Navoiy. “Navodir un-nihoya”; Atoyi D.i.). Gʻazallar D.dan qofiyalanuvchi misralarining qaysi harf bilan tugayotganiga qarab oʻrin egallaydi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish