← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Dialektizm

Dialektizm (yun. dialektos – sheva, lahja) – maʼlum bir hududda yashovchi kishilar tiliga xos leksik birliklar, fonetik, morfologik, sintaktik xususiyatlar jami. D.lar adabiy asarlarda tasvirlanayotgan joy koloritini berishda, maʼlum hudud kishilariga xos turmush tarzini tafsilli jonlantirish, personajlar nutqini individuallashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois ham D.lar qoʻllanishi jihatidan ancha faol. Mas., T.Murod asarlarida Surxondaryo vohasi kishilariga xos sheva elementlari koʻplab uchraydiki, ular voha kishilari hayoti, oʻziga xos feʼl-atvori, ruhiyatining haqqoniy va toʻlaqonli tasvirlanishiga zamin yaratgan. Xususan, “Ot kishnagan oqshom” qissasidan olingan quyidagi parchalarda tilning turli sathlaridagi D.larni koʻrish mumkin: “Koʻplari meni yetib keldi, uloqqa uzaldi”; “Shunda Tarlon birdan ... soyga qarab zinkiydi”; “Tarlon bir-bir bosib oyoq ildi”; “Men araz urishni yaxshi koʻraman”; “Shunda uzangi yoʻldoshlarimga yuz soldim”; “Goʻbalakda bingak nishiday zahar nish boʻladi”; “Ajabo, bundaychikin qiligʻi yoʻq edi” “hamsoyamiz Qulmat polvon bozorlab keldi”, “Kimning uli boʻlasan?” va boshq. Til oʻzida xalq ruhini mujassam ifodalashi T.Murodning polvonlar, uloqchilar hayotidan hikoya qiluvchi qissalarida, ayniqsa, yaqqol namoyon boʻladi. Personajlarning oʻziga xos nutqi voha kishilariga xos turmush tarzi, urf-odat, inonch-eʼtiqodlarni jonli tasvirlashga xizmat qiladi. Mas., “Ot kishnagan oqshom” qissasida shunday epizod bor:

“– Chaqaloqli uyga bemahalda kelib boʻlmaydi. Mabodo, birov bilmasdan kelib qolsa, undan ulgu olib qolish lozim boʻladi.

– Qayerdan olasan?

– Bizga baribir. Oʻngiringizning uchidan maydagina bir ip boʻlsa-da mayli. Ayollar chaqaloqli uyda ipni isiriqqa qoʻshib tutatadilar.”

D.lar, odatda, koʻproq personajlar nutqiga kiritiladi. Ularning qoʻllanishi adabiy tilni boyituvchi omillardan sanaladi, shunga qaramay, bunda muayyan meyorni saqlash talab qilinadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish