← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Dialog

Dialog (yun. dialogos – gaplashish, suhbat) – 1) ikki yoki undan ortiq kishining nutqiy muloqoti, suhbat; 2) adabiy-badiiy matn komponenti, asardagi personajlarning nutqiy muloqoti berilgan oʻrinlar. Hozirgi zamon prozasi rivoya, tavsif va dialogdan tarkib topadi; zamonaviy epik asarlarda dialog salmogʻining ortishi kuzatiladiki, bunga turlararo sintezlashuv, badiiy adabiyotning boshqa sanʼatlar bilan oʻzaro aloqasi natijasi sifatida qarash mumkin; 3) falsafiy-publitsistik mazmun yoʻnalishidagi janr, unda qoʻyilgan masala bir necha kishining suhbati shaklida muhokama etiladi. D. janriga antik davrning Suqrot, Aflotun singari mutafakkirlari asos solganlar. Keyincha oʻrta asrlar, Uygʻonish davri va Yevropa maʼrifatchilik adabiyotida ham D. janri ancha faol boʻlgan. Oʻzbek adabiyotida D.ning ildizlari munozara janriga borib taqaladi. XX asr boshlari oʻzbek adabiyotida D. janri, unga xos unsurlardan maʼrifatchilik gʻoyalarini ommalashtirishda samarali foydalanildi. Jumladan, Fitratning “Munozara”, “Bedil” asarlarini D. janri namunasi sanash mumkin.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish