← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Didaktik adabiyot

Didaktik adabiyot (yun. didaktikos – oʻrgatuvchi, taʼlimiy) – muayyan taʼlimiy, tarbiyaviy maqsadlarda yaratilgan adabiy asarlarning umumiy nomi. Adabiyotning taʼlimiy-tarbiyaviy imkoniyatlari juda katta boʻlib, unga qadimdayoq eʼtibor qaratilgan. Jumladan, antik davr yunon faylasufi Aflotun “Davlat” nomli asarida bu imkoniyatlardan qanday foydalanish masalasini atroflicha muhokama qiladi. D.a. namunalari mavzu eʼtibori bilan turlicha, ular nimani oʻrgatishni maqsad qilgani jihatidan bir-biridan farqlanadi. Mas., D.a.ning bir qismi ilmiy sheʼriyat deb ham yuritiladi va maʼlum bir ilm sohasini ommalashtirish maqsadini koʻzlaydi: ziroatchilik (Gesiod. “Mehnat va kunlar”), dunyoning tuzilishi (Lukretsiy Kar. “Narsalar tabiati haqida”), tibbiyot (Ibn Sino. “Tib ilmi”), poeziya sanʼati (N.Bualo. “Sheʼr sanʼati”) va b. Sharqda ham adabiyotning didaktik imkoniyatlaridan keng foydalanilgan. Sharq mumtoz adabiyotidagi D.a.ning yaxshi namunalari sifatida Saʼdiyning “Guliston” va “Boʻston”, Kaykovusning “Qobusnoma”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig”, Ahmad Yugnakiyning “Hibat ul-haqoyiq”, Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror”, Boburning “Mubayyin” kabi pandnoma ruhidagi asarlarini koʻrsatish mumkin. Mazkur asarlar mazmun-mundarijasi jihatidan universal boʻlib, turli darajadagi ijtimoiy munosabatlar, insonning burchi va vazifalari, dunyo va oxirat, eʼtiqod, odob-axloq, ilmning ahamiyati kabi hayotda zarur turfa masalalardan bahs yuritadi. Shuningdek, sharqda diniy maʼrifatni targʻib etuvchi asarlar ham D.a.ning muhim bir tarmogʻini tashkil etadi: “Devoni hikmat” (A.Yassaviy), “Siroj ul-muslimin”(A.Navoiy), “Sabot ul-ojizin”(Soʻfi Olloyor) kabi koʻplab asarlar diniy-didaktik adabiyot namunalaridir. XX asr boshlariga kelib, jadid maʼrifatchilik harakati bilan bogʻliq holda, oʻzbek adabiyotida didaktiklik tamoyili yana ustuvorlik kasb etadi. Yangi usul maktablarini uslubiy taʼminlash maqsadida yaratilgan A.Avloniyning “Turkiy Guliston yoxud axloq”, Hamzaning “Yengil adabiyot” kabi asarlari tom maʼnodagi D.a. namunalari boʻlsa, jadid maʼrifatchilarining deyarli barcha asarlarida didaktiklik, gʻoyaviy-maʼrifiy didaktika yetakchi xususiyat boʻlib qoldi. Adabiyot taraqqiyotining keyingi bosqichlarida sof didaktik xarakterdagi asarlar kamayib, asosan, bolalar adabiyoti doirasida kuzatiladi, endi oshkor didaktiklik kamchilik sifatida tushuniladi, soʻz sanʼati oʻzining didaktik funksiyasini sezdirmasdan, barkamol badiiy obrazlar vositasida amalga oshirish yoʻlini tutadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish