← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Ertak

Ertak – xalq ogʻzaki ijodidagi epik janr, choʻpchak. E. barcha xalqlar ogʻzaki ijodida qadimdan shakllangan va faol janrlardan sanaladi. E.lar, asosan, nasrda yaratilib, syujeti asosida sehrli-fantastik, sarguzasht yoki maishiy xarakterdagi voqealar yotadi, voqealar bayoni va talqinda ijodiy fantaziya, toʻqima salmoqli oʻrin tutadi. Shuning uchun ham ertakchilar tomonidan hikoya qilingan E. tinglovchilar tomonidan, avvalo, ertak deb, ijodiy fantaziya mahsuli deb qabul qilinadi. Biroq bu E.lar voqelik bilan aloqasini tamomila uzgan degani emas, E.larda (ayniqsa, maishiy E.larda) reallik bilan aloqa yaqqol koʻzga tashlanadi. Qadimiyligi tufayli E.larda ajdodlarimizga xos mifologik tafakkur elementlari, totemizm, animizm qoldiqlari saqlanib qolgan. Mazkur hol sehrli E.lar bilan hayvonlar haqidagi E.larda koʻproq seziladiki, bu ularning nisbatan qadimiyroq ekanligining dalolatidir. Kishilik jamiyati tarqqiyoti barobaridadada E.lar ham sifat jihatidan oʻzgarib boradi: hayotiy tajriba va kuzatishlarga asoslangan maishiy mavzudagi E.lar kengroq oʻrin egallay boshlaydi, sehr-jodudan deyarli forigʻ sarguzasht-avantyur syujetli E.lar yaratiladi, hayvonlar haqidagi E.larning totemistik va animistik mazmun yoʻnalishi majoziylik bilan almashadi va h. Xullas, E. janri taraqqiyotida hayotga yaqinlashib borish tendensiyasi kuzatiladi: ularda ijtimoiy hayotning turli qirralari, murakkab ijtimoiy munosabatlar, ota-bobolarning ijtimoiy ideallari aks etadi. Faol va keng ommalashgan janr sifatida E.lar kishilik jamiyatida ulkan tarbiyaviy missiyani oʻtagani shubhasizdir. Koʻplab ijodkorlar (mas., A.Pushkin, H.Olimjon) dillarida soʻz sanʼatiga mehr bolalikda eshitgan E.lar tufayli tugʻilganini eʼtirof etadilarki, yozma adabiyotda janrga xos unsurlardan keng foydalanilishi, adabiy E.ning turli koʻrinishlari mavjudligi shundan. H.Andersen, Sh.Perro, aka-uka Grimmlar, A.Pushkin kabi yozuvchilar yaratgan adabiy E.lar jahon miqyosida shuhrat topgan. Oʻzbek adabiyotida Gʻ.Gʻulom, H.Olimjon, A.Muxtorlar ijodida adabiy E.ning yaxshi namunalari bor.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish