← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Esse

Esse (fr. essai – tajriba, sinab koʻrish) – muallifning u yoki bu masala (muayyan voqea-hodisa, hayotiy holat va sh.k.) boʻyicha shaxsiy mulohazalari bayon qilinuvchi nasriy asar; adabiy janr. E.ning kompozitsion qurilishiga ham, tematik tomoniga ham cheklovlar qoʻyilgan emas, u muallifga oʻz fikr-mulohazalari, kechinmalarini tom maʼnoda erkin ifodalash imkonini beradi. Tematik jihatdan tarixiy, biografik, adabiy-tanqidiy, ilmiy-ommabop va sh.k. koʻrinishlarga ega boʻlgan E.ga xos yana bir xususiyat shuki, u qoʻyilgan masalaning tugal yechimini taqdim etish daʼvosini qilmaydi, masala muallif hayotiy tajribasidan kelib chiqqan holda, uning ongiyu qalbidan oʻtkazib yoritiladi. Shu bois E. markazida muallif shaxsi turadi, bayon koʻzga yaqqol tashlanuvchi subyektiv boʻyoqdorlikka ega boʻladi. Mutaxassislar E.ning mustaqil adabiy janr sifatida shakllanishi XVI asrga toʻgʻri keladi deb hisoblaydilar va buni fransuz adibi M.Monten (1533 – 1592) faoliyati bilan, janrning nomini esa uning 1580 yilda chop etilgan “Essays” (Tajribalar) asari bilan bogʻlaydilar. Ayni chogʻda, E.ga xos elementlar bunga qadar ham boʻlgani, jumladan, ularni antik davr adibi Lukian nutqlarida kuzatish mumkinligini taʼkidlaydilar. E.ga xos xususiyatlar Sharq adabiyotida, xususan, oʻzbek adabiyotida ham qadimdan mavjud (mas., Navoiy. “Mahbub ul-qulub”). Shuni ham qayd etish joizki, E. tabiatiga xos erkinlik uning rivojiga nafaqat professonal yozuvchilar, balki boshqa soha kishilari (olimlar, faylasuflar va b.)ning ham sezilarli hissa qoʻshishiga imkon berdi. E.ga xos xususiyatlar soʻnggi davr adabiyotidagi boshqa janrlar strukturasiga ham sezilarli taʼsir etdi, ayrim yoʻnalishlarning esa (mas., postmodernizm) ustuvor belgilaridan biriga aylandi. Hozirgi oʻzbek adabiyotida Sh.Xolmirzayev, O.Muxtor, X.Davron, X.Sultonov kabi ijodkorlar, shuningdek, M.Qoʻshjonov, O.Sharafiddinov, U.Normatov, N.Karimov kabi adabiyotshunoslarning E. janridagi asarlari kitobxonlar orasida mashhur.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish