← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Evfoniya

Evfoniya (yun. euphonia – xushohanglik) – badiiy nutqning xushohangligi, ohangdorlik. Nutqda E., asosan, fonetik vositalar yordamida yuzaga keladi, nutqning xushohangligi koʻp jihatdan uning fonetik tashkillanishiga bogʻliqdir. E. sheʼriy nutqda, ayniqsa, katta ahamiyat kasb etadiki, shuning uchun sheʼrning fonetik tashkillanishiga alohida eʼtibor beriladi. Sheʼriy nutqning ritmikligi, unda turli sathdagi takrorlarning (q.) qoʻllanishi E.ga asos boʻladi. Mas., E.Shukurning:

Men seni boladay suysam, netayin,

Koʻyingda bevaday kuysam, netayin.

Suygunchigim mening, suygunchigim-ay... –

misralarida “uy” tovush birikmasi bilan “ay” tovush birikmasi besh martadan, “yen” tovush birikmasi “ne” tarzida teskari tartibda ikki martadan takrorlanadi; birinchi misradagi “boladay suysam” birikmasi bilan ikkinchi misradagi “bevaday kuysam” birikmasi vazndosh va ohangdosh; “netayin” va “suygunchigim” soʻzlari aynan takrorlanadi. Bularning bari birlikda sheʼrning xushohang boʻlishini taʼminlaydi. Yoki shu shoirning toʻrtta uch misralik banddan iborat sheʼrining grafik shakli oʻzgartirib koʻrilsa, E.ning yuzaga kelishi haqida yetarli tasavvur hosil boʻladi:

Allasin yulduz aytsin, Tun aytsin, kunduz aytsin, Ena qiz uxlasin, ena qiz...

Kemaday chayqalar belanchak, Shamollar soladi xalinchak, Ena qiz uxlasin, ena qiz...

Ochilib-sochilar kechalar, Erkalar nordon yeb chechalar, Ena qiz uxlasin, ena qiz...

Qadamlarga kulsin eshiklar, Goʻdaklarga toʻlsin beshiklar, Ena qiz uxlasin, ena qiz...

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish