← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Ezop tili

Ezop tili – muayyan sabablarga koʻra aytilmoqchi boʻlgan fikrni ochiq-oshkor ifodalash mumkin boʻlmaydigan hollarda paydo boʻluvchi ifoda yoʻsini; fikrning pardalab, “kosa tagida nimkosa” tarzida, turli ishoralar orqali ifodalanishi. E.t. ijod erkinligi, soʻz erkinligi boʻgʻilgan har qanday sharoitda sanʼatkorning voqelikka munosabat bildirish ehtiyojining mahsuli oʻlaroq voqe boʻladi, shu bois bu xil ifoda yoʻsini adabiyot tarixining deyarli barcha bosqichlarida uchraydi. Jumladan, oʻz davrida Gulxaniy “Zarbulmasal”ida majoziy obrazlar orqali, Fitrat “Chin sevish” va “Hind ixtilolchilari” pyesalarida oʻzga yurtda kechgan voqealar tasviri orqali, Choʻlpon turli poetik ramzlar yordamida va h. – oʻzlarini qiynagan muammolarga munosabatlarini ifoda etganlar. XX asr oʻzbek adabiyotida yaratilgan tarixiy mavzudagi asarlarda kuzatiluvchi oʻtmish manzaralarining tasviri orqali zamonaga ishora qilishni ham E.t.ning bir koʻrinishi hisoblash mumkin. Mas., “Navoiy” romanida Oybekni oʻz davrida qiynagan muammolar (mas., Majididdinning soʻroq qilinishi, Sultonaliga tazyiqlar uyushtirilishi) aks etgan, X.Davronning “Abulxay soʻzi” sheʼrida “sotsialistik realizm” sanʼati va adabiyotiga munosabat “yoʻli bilan” ifoda etilgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish