← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Fabula

Fabula (lot. fabula – hikoya, masal) – syujetshunoslik kategoriyasi. Adabiyotshunoslikda F. terminini qoʻllashda turlichaliklar mavjud: u syujet terminiga sinonim sifatida ham, undan farqlab ham ishlatiladi. Gap shundaki, asarda hikoya qilinayotgan voqealarni Arastu “mif” yoki “tarix”, antik rimliklar esa “fabula” deb yuritgan boʻlsalar, XVII asrga kelib fransuz klassitsizmi nazariyotchilari xuddi shu narsani fransuzcha “syujet” termini bilan atashgan. Shunga koʻra, F. va syujet terminlarini sinonim sifatida qoʻllashga ham asos bor. Shu bilan birga, bu ikki termin bilan boshqa-boshqa tushunchalarni atashga intilish ham bor. Jumladan, oʻtgan asrning 20-yillarida rus formal maktabi vakillari boshlab bergan anʼanaga muvofiq, F. deganda, asarda tasvirlangan voqealarning hayotda yuz berish tartibini, syujet deganda esa ularning asarda hikoya qilinish (joylashtirilish) tartibini tushunish hozirda kengroq ommalashgan. Xuddi shuni teskari tartibda, yaʼni voqealarning haqiqatda yuz berish tartibini syujet, ular haqida hikoya qilish tartibini F. deb atash esa ilgariroq, XIX asr oʻrtalaridan A.N.Veselovskiy va uning izdoshlari ishlarida kuzatiladi. Shuningdek, adabiyotshunoslikda F. termini ortiqcha, u berishi mumkin boʻlgan maʼnoni syujet, syujet sxemasi, syujet kompozitsiyasi terminlari toʻla ifodalaydi, degan qarash ham mavjud.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish