← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Fantastika

Fantastika (yun. phantastike – taxayyul sanʼati) – haqiqatda mavjud boʻlmagan, taxayyul kuchi bilan tasavvurdagina yaratilgan narsa-hodisalar tasviri, shunga asoslanuvchi adabiy asarlar jami. Fantastik asar yuqori darajadagi shartlilik kasb etuvchi fantastik obrazlilikka tayanadi, u muallifdan ham, oʻquvchidan ham ijodiy fantaziyani toʻla quvvat bilan ishlatishni talab etadi. Ayni chogʻda, F. faqat xayolot mahsuli emas, uning zamirida mavjud voqelikning izlari sezilib turadi, zero, xayol shu mavjudlikdan kuch olgan holda parvoz qiladi. Badiiy tafakkur rivoji davomida F.ning oʻrni va ahamiyati, funksiyalari oʻzgarib boradi. Qadim ajdodlarimiz xayolotining mahsuli boʻlgan fantastik obrazlar ularning oʻzlari tomonidan shartli obraz emas, balki ayni haqiqat deb tushunilgan. Bu xil tushunish ajdodlar ongida uzoq vaqtlar saqlangan boʻlsa-da, uning muttasil susayib borgani kuzatiladi. Xalq ogʻzaki ijodidayoq, mas., qahramonlik eposida F. endi yordamchi unsur sifatida namoyon boʻladi: mohiyatan real sharoitda harakatlanayotgan qahramon maqsadga, asosan, oʻz kuchi, aql-zakovati bilan erishadi, gʻayrioddiy kuchlarning aralashuvi esa yordamchilik maqomida qola boshlaydi (mas., “Alpomish”). Albatta, bunda ham hali gʻayritabiiy, ilohiy kuchlarga, ularning hayotda yuz beruvchi voqealarga bevosita aralashishiga ishonch saqlanib qolgan, lekin F. elementlari maʼlum darajada shartlilik kasb etgani ham seziladi. Inson tabiat sir-sinoatlarini chuqur anglab borishi barobaridadada F.ni shartli obrazlilik, badiiy vosita sifatida tushunish barqarorlashib boradi. Endi unga, koʻproq, muallif badiiy niyatini amalga oshirish, muayyan badiiy-estetik maqsadga erishish vositasi sifatida qarala boshlaydi. Jumladan, jahon adabiyotining “Gulliverning sayohatlari” (J.Svift), “Dorian Grey portreti”(O.Uayld), “Sagʻri teri tilsimi” (Balzak), “Portret” (N.Gogol) kabi nodir namunalarida F. asarning kompozitsion qurilishini belgilagan, badiiy konsepsiyani shakllantirish va ifodalashda yetakchi ahamiyatga ega boʻlgan unsurga aylanadi. Ilm-fan taraqqiyoti F.ning alohida bir koʻrinishi – ilmiy F.ni yuzaga keltirdi. Jahon adabiyotida ilmiy F.ning asochilari sifatida J.Vern, G.Uellslar eʼtirof etiladi. Anʼanaviy F.dan farqli oʻlaroq, ilmiy F. real voqelikni tasvirlaydi, faqat bu voqelik ilm-fan va texnika taraqqiyoti natijasi oʻlaroq, muayyan darajada oʻzgargan; undagi F. gʻayritabiiy yo ilohiy kuchlar emas, balki inson tafakkur kuchi tufayli voqe boʻladi. Mas., turli xalqlar ogʻzaki ijodida “koʻrinmas odam” motivi mavjud boʻlib, koʻrinmaslikka turli sehrli buyumlar (tayoqcha, uzuk, qalpoq va b.) yordamida erishiladi. G.Uellsning “Koʻrinmas odam” asarida esa “koʻrinmaslik” qahramon oʻz qoʻli bilan sintez qilib olgan modda vositasida amalga oshadi.

Yangi oʻzbek adabiyotida F. unsurlaridan samarali foydalanish Fitrat (“Qiyomat”, “Abulfayzxon”), A.Qahhor (“Qabrdan tovush” hikoyasi), O.Muxtor (“Toʻrt tomon qibla”), X.Doʻstmuhammad (“Jajman”) kabi adiblar ijodida kuzatiladi. Shuningdek, XX asrda oʻzbek sarguzasht-fantastik adabiyoti (X.Toʻxtaboyev, T.Malik va b.) va ilmiy-fantastik adabiyoti (X.Shayxov) ham shakllandi va muayyan yutuqlarga erishdi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish