← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Fard

Fard (ar. فرد – yakka, yolgʻiz) – oʻzaro qofiyalangan ikki misra – yolgʻiz baytdan iborat, tugal mazmunga ega sheʼr, mumtoz adabiyotdagi eng kichik mustaqil lirik janr. F. bir baytdangina iborat boʻlsa ham, unda muhim falsafiy-axloqiy masala qalamga olinib, ixcham poetik xulosa ifodalanadi. Shu bois F.lar aksar aforistik xarakterda boʻlib, ularning koʻplari hikmatlar, xalq maqollari darajasiga koʻtarilgan. Mas.:

Ablah ani bilki, olamdan baqo qilgʻay tamaʼ,

Ahmoq ulkim, olam ahlidin vafo qilgʻay tamaʼ (Navoiy).

Biroq bu F.ga mazmun jihatidan qoʻyiluvchi qatʼiy talab emas, F.lar mazmuniga koʻra turlicha (lirik qahramon holati, oniy kechinma, yor vasfi va b.) boʻlishi mumkin. Mas.:

Istaram – shoʻxe chiqib, jonimni bedod aylagay,

Sabru xushu aqlu imonimni barbod aylagay (Navoiy).

Belu ogʻzidan, dedilarkim, degil afsonaye,

Boshladim filholkim, “bir bor edi, bir yoʻq edi” (Navoiy).

Oʻzbek sheʼriyatida Navoiyga qadar misralari qofiyalanmagan F.lar ham koʻp uchraydi. Navoiy esa misralari qofiyalangan F.ni maʼqul koʻrgan: uning turkiyda yozilgan 86 ta F.idan 82 tasida misralar oʻzaro qofiyalangan. Navoiydan keyingi sheʼriyatimizda F.ning shu koʻrinishi kengroq ommalashgan. Misolga olingan F.larning dastlabki ikkitasida misralar oʻzaro qofiyalangan boʻlsa, uchinchisi qofiyalanmagan misralardan tarkib topgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish