← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Faxriya

Faxriya (ar. فخريه – maqtanish) – shoirning oʻzi erishgan ijodiy muvaffaqiyatlardan faxr-iftixor tuygʻularini izhor qilishi. F. ayrim manbalarda janr, boshqalarida esa sheʼriy sanʼat sifatida taʼriflanadi. Agar F. turli janrdagi sheʼrlar ichida voqe boʻlishi mumkinligi eʼtiborga olinsa, uni husni ibtido, husni matlab (q.) kabi maʼnaviy sanʼatlar qatoriga qoʻshish toʻgʻriroq boʻladi. F.ni oddiygina maqtanchoqlik deb tushunmaslik kerak, zero, uning yaxshi namunalarida faxr tuygʻusi sharqona odob doirasida ifodalanadi. Odatda, shoir iftixori ustozlarga minnatdorlik hislari bilan qorishib ketadi, ulardan oʻrganibgina yuksak natijalarga erishgani eʼtirof etiladi. Mas., A.Navoiyning:

Olibmen taxti farmonimga oson

Cherik chekmay Xitodin to Xuroson, –

bayti F. boʻlib, u matnning bir qismi, xolos: matnda bu baytga qadar shoir ustozlarini eslaydi, ularga yuksak baho beradi. Bu ham F. janr emas, balki sanʼat deb qarash toʻgʻriroq ekaniga dalolat qiladiki, sheʼriyatimizda oʻz yutuqlaridan faxr-iftixorni ifodalash uchungina maxsus yozilgan asarni topish mahol. Yana bir jihati, F. shoirning oʻz tilidan, salaflari tilidan yoki boshqa shaxslar tilidan ham ifodalanishi mumkin. Mas., Mashrabning:

Hama ayturki: Mashrab, muncha ilmni kimdin oʻrganding?

Xudo lutf ayladi, man barchani Mavlodin oʻrgandim, –

baytida shoirga oʻzgalar tilidan baho (“muncha ilmni kimdin oʻrganding?”) beriladi, u esa buni kamtarlik bilan “xudoning lutfi” deb izohlaydi. Baʼzi hollarda F.da shoir ijodining kamolot darajasiyu ahamiyatini koʻrsatish maqsadida oʻzi bilan boshqa shoirlar orasida qiyos oʻtkazadi. Tabiiyki, bunda sharqona odob meyorlariga rioya qilish, taqqoslanayotgan shoirlarga hurmat bilan qarash, ularni kamsitmaslik, bahoda xolislikni saqlash talabi yanada kuchayadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish