← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Felyeton

Felyeton (fr. feuilleton – varaq, sahifa) – badiiy-publitsistik janr, dolzarb mavzuda yozilgan tanqidiy ruhdagi, koʻpincha hajviy-satirik yoʻnalishdagi asar. F. atamasi publitsistikaning ijtimoiy-siyosiy tanqid ruhidagi alohida janrini anglata boshlashi XIX asr oxirlariga toʻgʻri keladi. Unga qadar F. soʻzi boshqa maʼnoda ishlatilgan. “Jurnal de deba” nomli Parij gazetasi 1800 yil 28 yanvar soniga qoʻshimcha varaq ilova qiladi, keyincha bu gazetaning “Felyeton” nomli doimiy rubrikasi boʻlib qoladi. Shu nomli rubrika Yevropa matbuotida tez ommalashib, bu rubrika ostida nosiyosiy, norasmiy materiallar: eʼlonlar, moda yangiliklari, teatr taqrizlari, hikoya va hatto romanlar eʼlon qilinadi. Jadid matbuotida ham shu nomda rubrika tashkil etilgan boʻlib, mas., Choʻlponning “Qurboni jaholat”, “Doʻxtur Muhammadiyor” hikoyalari “Sadoi Turkiston”ning F. rubrikasi ostida chop etilgan. Bu hol adabiyotshunosligimizda Choʻlpon ushbu hikoyalari janrini F. tarzida belgilagan, degan yanglish qarashning paydo boʻlishiga olib kelgan. XX asrning 20 – 30-yillaridan boshlab oʻzbek matbuotida kunning dolzarb muammolariga bagʻishlangan F.lar keng oʻrin egallaydi, jumladan, A.Qodiriy, Gʻ.Gʻulom, A.Qahhor, S.Ahmad singari mashhur adiblarimizning qator asarlari oʻzbek F.chiligi rivojiga salmoqli hissa boʻlib qoʻshilgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish