← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Figura

Figura (lot. figura – shamoyil, tashqi koʻrinish) – nutq qurilishida, fikr ifodasida kuzatiluvchi jonli soʻzlashuv uchun odatiy, tabiiy normalardan chekinishlarning umumiy nomi; stilistik figuralar, ritorik figuralar, nutq figuralari kabi koʻrinishlarda ham ishlatiladi. Mas., sheʼriy nutqda gap boʻlaklari tartibining oʻzgartirilishi – inversiya odatiy normadan chekinish boʻlib, u muayyan badiiy-estetik maqsadlarga xizmat qiladi. F.larni oʻrganish, tasniflash ishlarini antik ritorika boshlab bergan. Jumladan, antik ritorikada F.lar dastlab ikkiga – fikr F.lari va soʻz F.lariga ajratilgan, bularning har biri oʻz ichida bir nechtadan turlarga boʻlingan. Oʻz vaqtida muhim masalalardan biri sifatida oʻrganilgan nutq F.lariga eʼtibor XVIII asrlardan boshlab susaygan. Oʻtgan asrning ikkinchi yarmiga kelib struktural adabiyotshunoslik namoyandalari (R.Yakobson, T.Todorov va b.) oʻtmishda yaratilgan F. haqidagi taʼlimotni hozirgi tilshunoslik nuqtai nazaridan qayta koʻrib chiqish yoʻlida muayyan ishlarni amalga oshirdilar. F.lar masalasini oʻrganish, bu borada antik davrlardan boshlab amalga oshirilgan ishlar va soʻnggi tadqiqotlar bilan tanishish oʻzbek adabiyotshunosligi uchun ham juda muhim. Mas., Sharqdagi ilmi badiʼ (q.) antik ritorika anʼanalarining bevosita davomidir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish