← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Formal metod

Formal metod – adabiyotshunoslikdagi badiiy shaklni adabiyotning mohiyatini belgilovchi kategoriya sifatida tushungan nazariy yoʻnalish. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida impressionistik tanqid va adabiyotga pozitivistik yondashuvlarga qarshi oʻlaroq maydonga kelgan, keyincha badiiy asarning ichki tuzilishi qonuniyatlarini oʻrganishga qaratilgan metodika sifatida qaror topgan. Shunga koʻra, oʻzining ilk bosqichlarida F.m. adabiy asarni oʻrganishda matndan tashqarida qoluvchi barcha omillarni, adabiyotni oʻrganishga genetik, sotsiologik kabi yondashuvlarni inkor qiladi; shakl unsurlarini belgilash va tasniflash bilan cheklanuvchi tavsifiy oʻrganish yoʻlidan boradi. F.m. vakillari qarashlarida bir-biridan farqli nuqtalar boʻlsa-da, ularni asosiy prinsip – eʼtiborni badiiy shaklga qaratishlari birlashtiradi. Yana bir jihati, qarashlar takomili oxir-oqibat ularning koʻpchiligini oraliq mavqeni egallashga, yaʼni mazmunni butkul eʼtibordan soqit qilish toʻgʻri emasligini anglashga olib kelgan. F.m. tarafdorlari badiiy asar shakliga xos koʻp jihatlarni: badiiy til, uslub, sheʼr tuzilishi, sheʼr kompozitsiyasi, ritm, metr, syujet qurilishi, badiiy asar kompozitsiyasi kabi muhim masalalarni maxsus va chuqur tadqiq etdilar. Xususan, rus formal maktabining V.Shklovskiy, V.Jirmunskiy, Yu.Tinyanov, G.Vinokur, B.Eyxenbaum kabi namoyandalari amalga oshirgan tadqiqotlar adabiyotshunoslik rivojida muhim ahamiyatga molikdir. Ularning izlanishlari keyincha struktur adabiyotshunoslik, semiotika kabi yoʻnalishlar uchun asos, rivojlanish omili boʻlib xizmat qildi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish