← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Formalizm

Formalizm (lot. forma – tashqi koʻrinish) – badiiy shakl va mazmunning uygʻun birligi talabidan chekinib, shaklning nisbiy mustaqilligini mutlaqlashtirgan holda, unga badiiyatning bosh mezoni sifatida qarashda namoyon boʻluvchi estetik tendensiya. F. tamoyillari XIX asr oxiri – XX asr boshlarida qator adabiy oqimlarda namoyon boʻladi. Xususan, adabiyot tarixidagi futurizm, imajinizm, dadaizm, avangardizm kabi oqimlar badiiyatni koʻproq shaklda koʻrib, turli-tuman yangi shakllarni ixtiro qilishga intildilar. Biroq ularning izlanishlari aksar “shakl – shakl uchun” shiori ostida kechib, mazmundan koʻpincha ayro tushgani uchun ham, oʻzlari kutgan samarani bera olmadi. Shuningdek, oʻz vaqtida ayni shu xil qarashlarni yoqlagan, ularni nazariy jihatdan asoslamoqchi boʻlgan adabiyotshunoslarning ishlari ham badiiy asar tabiatiga nomuvofiq boʻlgani bois biryoqlamaligicha qoldi. Ayni chogʻda, formalistlarning badiiy asar shaklini oʻrganishga ayricha eʼtibor qilganlari adabiyotshunoslikda izsiz ketdi, deyish ham toʻgʻri emas (q. formal metod). Adabiyotshunoslikda F. termini baʼzan keng maʼnoda ham qoʻllanadi, bunda keskin va oshkor namoyon boʻlgan yuqoridagi davrgina emas, umuman adabiyotda kuzatiluvchi hodisa koʻzda tutiladi. Zero, umuman olganda, shaklga ayricha eʼtibor berish, badiiylik uslubiy-shakliy xususiyatlarda (soʻzni turfa koʻylarda oʻynatish, uslubiy vositalardan foydalanish, vazn, qofiya va sh.k.larda voqe boʻluvchi mahorat), shularning oʻzi oʻz holicha badiiy qimmat kasb etadi, deb bilish adabiyot tarixida ilgaridan bor narsa. Jumladan, Yevropa adabiyotidagi “estetizm” xususiyatlarini kasb etgan barokko, marinizm, gongorizm kabi yoʻnalishlarga ham bu hol yot emas. Shuningdek, F. tamoyillari Sharq adabiyotida ham boʻy koʻrsatmay qolmagan: muvashshahbozlik, nazirabozlik, turli soʻz oʻyinlariyu jimjimador ifodalarga mazmun qurbon berilgan hollar bunga yorqin misol boʻla oladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish