← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Fosila

Fosila (ar. فاصله – namat; ajratuvchi, oraliq) – sokin va mutaharrik harflarning muayyan tartibda birikishidan hosil boʻluvchi ritmik birlik, juzv (q.). Harflarning qay tartibda birikishidan kelib chiqib, F.ning ikki turi farqlanadi: F.i sugʻro (kichik F.) va F.i kubro (katta F.). Ketma-ket kelgan uchta mutaharrikka bitta sokin harfning qoʻshilishidan F.i sugʻro hosil boʻladi: “kelaman”, “kapalak”, “xapalak” kabi soʻzlar shu vaznga mos. Mas., “kapalak”: mutaharrik (ka) + mutaharrik (pa) + mutaharrik (la) + sokin (k). F.i kubro esa ketma-ket kelgan toʻrtta mutaharrikka bitta sokin harf qoʻshilishidan hosil boʻladi: “chidamadim”, “yashamadim”, “qaramading” kabi soʻz shakllari shu vaznga mos. Mas., “qaramading”: mutaharrik (qa) + mutaharrik (ra) + mutaharrik (ma) + mutaharrik (di) + sokin (ng). Qayd etish kerakki, aruzshunoslikka oid ayrim manbalarda F. alohida juzv sifatida eʼtirof etilmaydi. Jumladan, Bobur bu masalada Nasriddin Tusiyning fikrini quvvatlab, F.i kubro bitta sababi saqiyl va bitta vatadi majmuʼ qoʻshilishidan, F.i sugʻro esa bitta sababi saqiyl va bitta sababi hafif qoʻshilishidan hosil boʻladi, deb hisoblaydi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish