← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Futurizm

Futurizm (lot. futurum – kelajak) – XX asr boshlarida maydonga kelgan avangardistik oqim, sanʼatning deyarli barcha turlarida kuzatilgan, ayniqsa, tasviriy sanʼat va haykaltaroshlikda taʼsiri kuchli boʻlgan, badiiy adabiyotda ham sezilarli iz qoldirgan. F.ning oʻz vatani Italiyada, shuningdek, Rossiyada kengroq ommalashdi. F.ning adabiy-estetik va gʻoyaviy qarashlari F.Marinettining “Futurizm manifesti” (1909) asarida oʻz ifodasini topgan. F. adabiy-madaniy anʼanalar bilan aloqani toʻla uzish, yangi zamon (kelajak)ning yangi adabiyot va sanʼatini yaratish daʼvosi bilan maydonga chiqdi. Qisqacha aytilsa, F. namoyandalari jamiyatdagi taraqqiyot tendensiyalaridan kelib chiqqan holda, uning ertasini, ertangi inson va insoniy munosabatlarni oʻzlaricha tasavvur qiladilar va shunga mos adabiyotni yaratish daʼvosi bilan maydonga chiqdilar. Yaʼni F. asrlar davomida shakllangan anʼanaviy madaniyatga ilmiy-texnik taraqqiyot va urbanizatsiyalashuv davri madaniyatini qarshi qoʻyadi. Kelajak haqidagi tasavvur esa mazkur jarayonlar bilan bogʻliq holda kishilar dunyoqarashi, axloqi, turmush tarzi va sh.k.larda yuz berayotgan oʻzgarishlarni (hayot ritmining tezlashuvi, holat va taassurotlarning keskin oʻzgarishi, maʼnaviy axloqiy tanazzul, shaxsning yemirilishi va olomonning qismiga aylanishi va b.) mutlaqlashtirish asosida amalga oshadi. Bu oʻzgarishlarni tabiiy va qonuniy bilgani uchun F. adabiyoti, realizmdan farq qilaroq, uni gʻoyaviy-hissiy tasdiqlash yoʻlidan boradi. Jumladan, italyan F.i jamiyatda qaror topgan “odam odamga boʻri”, “kuchli odam hamisha haq” qabilidagi aqidalarni haqiqatda mavjud deb hisoblaydi va ularga normal hodisadek qaraydi. Shunday mavqeni tutganlari uchun ham italyan futuristlarining bir qismi keyinroq Mussolini boshchiligidagi fashistik harakatga qoʻshilib ketgan. Rossiya voqeligida paydo boʻlgan rus F.i italyan F.i bilan mushtarak jihatlarga ega boʻlgani holda, dunyoqarash bobida jiddiy farqlanadi: unda gumanistik asos saqlangan. Adabiy-estetik qarashlarda mushtaraklik koʻproq kuzatiladi. Rus F.i eskilikning muqarrar tugashiga ishongan holda, sanʼat vositasida kelajakni, tugʻilajak “yangi insoniyat”ni idrok qilishga intiladi, sanʼatning vazifasi shunda deb biladi. Uning uchun badiiy ijod tabiatga taqlid emas, balki uning davomi boʻlib, u tamom yangi dunyoni yaratadi. Rus F.i namoyandalari uchun “Akademiya va Pushkin iyerogliflardan koʻra ham tushunarsizroq”, shuning uchun ularni “zamona kemasi”dan uloqtirmoq lozim. Ular uchun nafaqat oʻtmish adabiyoti, balki anʼanalar yoʻlidan borayotgan zamondoshlar ijodi ham mutlaqo qimmatga ega emas, “osmonoʻpar binolar yuksakligidan” nazar solgan F. namoyandalariga ular niyahoyatda haqir va tuban koʻrinadi. Albatta, “osmonoʻpar binolar” urbanizatsiya jarayonlari kuchaygan sharoitda kelajakni bildiradi, yaʼni futuristlar nazdida bu goʻyo kelajak hukmidir. Oʻzlarini “yangi dunyoning yangi odamlari” deb bilgan futuristlar kelajak adabiyoti poetikasini ham butkul yangilashga intiladilar. Aytish kerakki, kiritilgan poetik yangiliklarning aksariyati anʼanalarni inkor qilishi, ularga diametral zidligi bilan xarakterlanadi. Jumladan, til sohasida ular grammatika va imlo qoidalarini tan olmaydilar, soʻzlarning ahamiyatini tushiradi deya tinish belgilarini inkor qiladilar, sintaktik konstruksiyalarni istagancha oʻzgartiradilar. Futuristlarga koʻra, ijodkorning yangi soʻz ixtiro qilish huquqi cheklanmagan, hatto har bir ijodkor oʻz shevasini yaratishi mumkin; soʻzning yozuvdagi shakli va fonetik jarangi oʻz holicha mazmundor, shu bois sheʼrlari yozuvda turfa shakllar topadi, tovushlarga taqlid yoki ularning maʼnisiz takroridan iborat sheʼrlar yaratishadi va h. Umuman, anʼanaviy qoidalarni ongli ravishda (mas., sheʼriy ritmni jonli nutqdan farqlanmaydigan qilishga intilish, bitta asarda turli estetik belgilar, janr yoki uslubiy xususiyatlarni qorishtirib yuborish kabi) buzish F.ning gʻoyaviy-estetik tabiatidan kelib chiquvchi xususiyatdir. F. adabiy jarayonda uzoq yashab qola bilmadi: 20-yillarga kelib uning faoliyati, asosan, barham topdi. Albatta, bu adabiy hodisa izsiz ketmadi: ijodiy faoliyatini rus F.ining “Gileya” (kubofuturistlar: V.Mayakovskiy, V.Xlebnikov), “Egofuturistlar assotsiatsiyasi” (I.Severyanin), “Poeziya ravogʻi” (V.Shershenevich), “Sentrifuga” (B.Pasternak, N.Aseyev) kabi turli uyushmalarida boshlagan ijodkorlar keyincha rus sheʼriyati rivojiga sezilarli hissa qoʻshdilar.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish