← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Germenevtika

Germenevtika (yun. hermeneuo – tushuntirmoq, talqin qilmoq) – tushunish nazariyasi, matnni talqin qilish tamoyillari haqidagi taʼlimot, gumanitar fanlarning metodologik asosi. G.ning ildizlari qadim Gʻarb va Sharq madaniyatiga borib taqalsa-da, XIX asrga kelibgina alohida fan sohasi sifatida shakllangan boʻlib, nemis faylasuflari F.Shleyermaxer va V.Dilteylar faoliyati bilan bogʻliq. Taʼlimotning keyingi rivojida M.Xaydegger, G-G.Gadamer, P.Rikyor, M.Baxtin singari olimlarning xizmati katta boʻldi. G.ning markazida TUSHUNISH masalasi turadi. Jumladan, F.Shleyermaxer G.ni umuman yozma manbalarni “tushunish sanʼati haqidagi taʼlimot”, deb biladi. Unga koʻra, har qanday yozma manba (matn) ikkiyoqlama tabiatga ega: bir tomondan, u til tizimiga nisbatan qism, ikkinchi tomondan, muayyan bir individning ijod mahsulidir. Shuning uchun G. oldida bir-biriga bogʻliq ikkita vazifa turadi: birinchisi – matndagi lisoniy ifodani muayyan til tizimining uzvi sifatida oʻrganish (“grammatik” talqin), ikkinchisi – uning ortida turgan betakror subyektni anglash (“psixologik” talqin). V.Diltey oʻzining “hayot falsafasi”da G.ga bilish nazariyasining xususiy tomoni emas, balki gumanitar fanlar (“ruh haqidagi fanlar”)ning asosi sifatida qaradi. Zero, unga koʻra, tushunish hayot atalmish butunlikni adekvat ifodalashning yagona vositasi boʻlib, u tufayli hayotni idrok etish mumkin boʻladi. Dilteyning taʼkidlashicha, har qanday individning ijod mahsuli hayotni obyektivlashtirishdan boshqa narsa emas; inson oʻzga shaxsda ham oʻzida tushuna olgan narsani tushunadi. Shu tariqa hayot (tarixiy-ruhoniy olam) idrok etuvchi (tushunayotgan shaxs)ga nisbatan izomorfdir, monanddir.

G.ning falsafaga aylanishi M.Xaydegger nomi bilan bogʻliq boʻlib, u “tushunish”ni bilish emas, mavjudlik usuli deb qaradi. Unga koʻra, tushunish inson mavjudligining asosiy belgilaridan biri; inson mavjudligi avvalboshdan tushunish taqozo etiladigan holat, shu holatni tushuntirish G.ning vazifasidir. Uning shogirdi va davomchisi G-G.Gadamer uchun ham “tushunish” inson mavjudligi bilan bogʻliq universal kategoriya: uning nafaqat muayyan matnga, umuman olamga munosabatining asosida ham “tushunish” yotadi. Yaʼni u matnni talqin qilish amaliyoti va nazariyasi boʻlmish G.ga ekzistensional fenomenologiyani payvandlaydi. Gadamerga koʻra, matnni tushunish jarayoni bilan oʻquvchining oʻz-oʻzini tushunish jarayonini bir-biridan ajratib boʻlmaydi, tushunish koʻp jihatdan oʻquvchiga bogʻliq. Biroq bu matn talqini mutlaqo erkin, oʻquvchi maʼnaviy-ruhiy ehtiyojlaridan kelib chiqib uni xohlaganidek tushunishi mumkin, degani emas: talqin matnda moddiylashgan mazmunni tushunish demakdir. Shuning uchun ham, Gadamer oʻtmishda yaratilgan matnni “zamona”lashtirib tushunishga, unga zamona muammolarini singdirishga qarshi. Uning taʼlimotida til asosiy oʻrin tutadi, chunki til tufayligina anʼana tirik, til ruhiyatida esa “harakatdagi tarixiy ong” voqe boʻladi: tushunmoqchi boʻlayotganimiz asar, u bizdan tarixan qanchalik uzoq boʻlmasin, biz bilan dialogga kirishadi, shu asno oʻsha asar ham, biz amalga oshirayotgan talqin ham “anʼana hodisasi”ning uzviga aylanadi. Biroq bu fikrga G. bilan shugʻullanuvchi mutaxassislarning bari ham qoʻshilmaydi. Jumladan, Gadamerdan farqli oʻlaroq, E.Betti oʻzga shaxsning anglanishida talqin qiluvchi shaxsiyati, uning ijodiy faolligi hal qiluvchi ahamiyatga ega deb biladi. Umuman, hozirgi vaqtda G. doirasida turlicha yoʻnalishlar, qator bahsli masalalar ham mavjud. Fransuz olimi P.Rikyor hozirgi G. doirasida ikkita bir-biriga zid yoʻnalish borligini aytib, birinchisini teleologik G., ikkinchisini esa arxeologik G. deb ataydi. Anʼanaviy G.ni teleologik deb atarkan, Rikyor uning maqsadliligidan, yaʼni asosiy eʼtibori matnning zohiriy mazmuni va unda aks etgan shaxs ruhini anglashga qaratilganidan kelib chiqadi. Ikkinchi yoʻnalish esa arxeologik boʻlib, u matn (gap)ning voqe boʻlish sababini va shundan kelib chiqqan holda botiniy mazmunini anglashga qaratilgandir. Rikyor arxeologik G.ning ildizlari insonning mavjudlik asosini iqtisodiy manfaatda koʻrgan Marks, hokimiyatga intilishda deb bilgan Nitsshe va jinsiy mayllardan izlagan Freyd taʼlimotlarida, deb hisoblaydi. Uning uqtirishicha, inson shafqatsiz dunyoda oʻziga ovunch izlaydi, uni oʻzi yaratib olgan olamdan topadiki, bu olam uning oʻz MAʼNOlaridan iboratdir. Arxeologik G. shu illyuzor olamda voqe boʻlgan matn ortida turgan odamning oʻzi ham anglamagan (ongsizlik) yoki atayin yashirgan maʼnolarni topish, “fosh etish” bilan shugʻullanadi. Shu sababli ham Rikyor Gadamerning lingvotsentrik qarashiga qoʻshilmaydi, uning uchun til anʼanasi emas, balki simvollar ustuvor ahamiyat kasb etadi. Arxeologik G.da tushunishning eng muhim xususiyati – dialogiklikka putur yetadi, bunda talqin qiluvchi bilan matn ortidagi shaxs muloqoti yoʻq, matn ortidagi subyekt ham obyektga aylanadi.

Albatta, adabiyotshunoslik uchun falsafiy G.dan koʻra anʼanaviy tushunchadagi, yaʼni matnni talqin qilish (“tushunish”) nazariyasi sifatidagi G. muhimroq. Shu bilan birga, noanʼanaviy G.ni ham toʻla inkor qilib boʻlmaydi, aksincha, talqinda uning usullarini qoʻllash samarali natija berishi mumkinligini eʼtibordan soqit qilmaslik kerak, zero, ular talqin qiluvchi bilan matn ortidagi shaxs muloqoti (dialog)ning yanada jonliroq boʻlishiga xizmat qiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish