← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Gimn

Gimn (yun. hymnos – madhiya) – 1) qadimgi yunon adabiyotida ilohlarni ulugʻlash, maqtash uchun kuylangan qoʻshiq. Yunonlar Apollonni madh etish uchun pean, Dionis madhi uchun difiramb toʻqib kuylashgan. Keyinchalik tarixiy voqealar, qahramonlar madh etiluvchi tantanavor qoʻshiqlar ham G. deb yuritilgan. G.ning ilk namunalari Misr, Mesopotamiya, Hindiston xalqlari adabiyotida uchraydi. G.ga xos xususiyatlar sifatida tantanavorlik, faxr-iftixor, ruhiy koʻtarinkilikning boʻrtib turishi, marosim va tantanalarda koʻpchilik tomonidan ijro etilishi kabilarni koʻrsatish mumkin; 2) mazmunan dasturiy xarakterdagi sheʼr asosidagi tantanavor qoʻshiq, muayyan ijtimoiy harakat, uyushma, muassasa, davlat va sh.k.larning atributlaridan biri, madhiyasi. Mas., Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi, “Internatsional”, “Jahon demokratik yoshlari federatsiyasi gimni” va h.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish