← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Gradatsiya

Gradatsiya (lot. gradatio – izchil kuchaymoq) – mazmunni izchil kuchaytirib borishga asoslangan stilistik figura. G.ning ikki xil koʻrinishi mavjud boʻlib, birinchisi nutqiy birliklarni maʼnosiga koʻra belgi-xususiyat (holat, harakat va b.)ni kuchaytirish (klimaks), ikkinchisi esa susaytirish (antiklimaks) tartibida ketma-ket keltirish orqali voqe boʻladi. Mas., Iqbol Mirzo sheʼridan olingan quyidagi parchada maʼnoning kuchaytirilgan takrori kuzatiladi:

Sevgilim,

dilsizlar dillarimizni,

toshboʻron qilsalar,

vayron qilsalar,

tikonlar qoplasa yoʻllarimizni...

Bunda maʼno “toshboʻron – vayrona – tikonzor” tarzida kuchaytiriladi: toshboʻron vayronalikka olib keladi, tikanzorga aylanish esa vayronalikning yuqori darajasi. Bu oʻrinda G. lirik qahramon kechinmalari dinamikasini ifodalaydi, tuygʻuni kuchaytirib, kechinmani chuqurlashtirib boradi. Aksincha, E.Shukur quyidagi sheʼrda xuddi shu samaraga belgi-xususiyatni susaytirib boruvchi nutqiy birliklarni takrorlash orqali erishadi:

Jahonga sigʻmasak, uyga sigʻmasak,

Qayoqqa ketarmiz, ey dil, qayoqqa?

Na-da gul boʻloldik, na oʻt, na kesak

Qayoqqa ketarmiz, ey dil, qayoqqa?

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish