← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Jonlantirish

Jonlantirish – keng maʼnoda metaforaning bir koʻrinishi, jonsiz narsa-hodisalarga inson, umuman, jonli mavjudotga xos sifatlarning berilishi. Shuningdek, jonivorlarga insonga xos sifatlarning berilishi ham J.ning bir koʻrinishi (antropomorfizm) sanaladi. J. badiiy asarda turli darajada voqe boʻladi: 1) stilistik figura. Inson tafakkuriga xos analogiyalar asosida (metaforik) fikrlash, til anʼanalari bilan bogʻliq holda va muayyan gʻoyaviy-estetik maqsadni koʻzlab badiiy nutqda narsa-hodisalarga jonli mavjudotlarga xos xususiyatlar beriladi. Mas., “Hovliqma jilgʻalar chopar beega” (A.Oripov) satrida insonga xos sifat (“hovliqma”) va harakat tarzi (“chopmoq”) jilgʻaga berilmoqdaki, bu bilan manzaraning jonli, taʼsirchan chiqishiga erishilmoqda. Stilistik figura sifatidagi yana bir koʻrinishi esa apostrofadir (q.); 2) badiiy usul. Muayyan bir maqsadni koʻzlagan holda narsa-buyumlar inson kabi harakatlantiriladi: ular oʻylaydi, iztirob chekadi, quvonadi va sh.k. Mas., “Oʻtgan kunlar”dagi Kumushning husniga mahliyo ariq suvi, X.Sultonovning “Yozning yolgʻiz yodgori” qissasidagi miltiq; 3) obrazlilik turi. Koʻp hollarda J. asosida ramziy va allegorik obrazlar yaratiladi. Jumladan, mumtoz adabiyotdagi tashxis sanʼati (q. tashxis) bunga misol boʻla oladi. Obrazlilikning bu turi hozirgi adabiyotda ham faol qoʻllanadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish