← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Juzv

Juzv ( ar. جزو – boʻlak, qism, parcha, butun emas) – aruzda sokin va mutaharrik harflarning muayyan tartibda birikishidan hosil boʻluvchi ritmik birlik, harf bilan rukn orasidagi ritmik boʻlak. Hozirgi adabiyotshunoslikda J. termini koʻproq mazkur maʼnoda qoʻllansa-da, mumtoz aruzshunoslikda ushbu tushuncha baʼzan rukn (Qays Roziy, Husayniy, Navoiy), baʼzan esa asl (Taroziy) deb yuritilgan. J. termini arab aruziga tatbiqan faol, turkiy aruzga nisbatan esa kam qoʻllanadi, chunki turkiy aruzda hijo termini harf va juzv maʼnolarini aksar oʻziga qamrab oladi. Shu bois ham Fitratdan keyingi oʻzbek aruzshunosligida bu ikki termin oʻrniga hijo terminini qoʻllash koʻproq ommalashgan. J. mutaharrik (choʻzgʻili) va sokin (choʻzgʻisiz) harflarning muayyan tartibda birikishidan hosil boʻladi va shundan kelib chiqib, J.ning uch xili ajratiladi: sabab, vatad, fosila (q.).

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish