← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Kalomi jomiʼ

Kalomi jomiʼ (ar. كلام – soʻz, جامع – jamlovchi, umumlashtiruvchi) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, sheʼrga yoki baytga pand-nasihat, oʻgit, axloq-odobga oid hikmat, zamondan yoki zamondoshlardan nolish maʼnolarini singdirish. Yaʼni K.j. maʼnaviy sanʼat boʻlib, u bayt yoki sheʼrning maʼno-mazmun tomoni bilan belgilanadi. Sirasi, mumtoz sheʼriyatdagi deyarli barcha asarlarda yo pand-nasihat, yo bir hayotiy hikmat, yo zamondan, doʻst-birodarlardan shikoyat mazmuni mavjud. Shu jihatdan qaralsa, K.j.ning sanʼat sanalishida muayyan darajada shartlilik, anʼanaviylik taʼsiri bor. Demak, mumtoz shoirlarimizning ming-minglab asarlarini, baytlarini bemalol K.j.ga misol sifatida keltirish mumkin. Mas., Navoiyning “Topmadim”, “Avvalgilarga oʻxshamas”, Boburning “Qoldimu” radifli gʻazallari, qator ruboiylarida zamondan, yor-birodarlardan nolish kuzatilsa, koʻplab asarlarida pand-nasihat, axloq-odobga oid hikmatlar aks etgan. Didaktik yoʻnalishda ijod qilgan Yassaviy, Soʻfi Olloyor, Huvaydo, Haziniy kabi koʻplab shoirlarning asarlarida esa pand-nasihat mazmuni ustuvordir. Mas., Yassaviyning:

Bedor boʻlgʻil, ey moʻʼmin, sahar vaqti ichinda,

Qutqor oʻzungni oʻtdin sahar vaqti ichinda.

Soʻfi Olloyorning:

Uyalma maʼrifatni oʻrganurdin

Joying tanur boʻlur qolsang tanurdin.

Huvaydoning:

Xoki poyi yaxshilar boʻl, xok boʻlmasdan burun,

Bu qaro yer qoʻyni senga chok boʻlmasdan burun.

Haziniyning:

Xudoning yodi birla yigʻlagil shomu saharlarda,

Yaqongni chok etib, san yigʻlagil shomu saharlarda, –

misralarida mana shunday holatni kuzatishimiz mumkin.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish