← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Katarsis

Katarsis (yun. katharsis – xalos boʻlish, poklanish) – adabiyotshunoslikka Arastu tomonidan kiritilgan termin. Arastuga koʻra, tomoshabin tragediyani koʻrish asnosida hamdardlik va qoʻrquv tufayli oʻzidagi shunday affektlar (his-tuygʻular)dan tozalanadi. Yaʼni K. estetik kechinmaning mohiyatini tashkil qilib, qahramonning kechinmalarini qalbda qayta kechirish asosida voqe boʻladi. Arastu davridan buyon ushbu termin turlicha, baʼzan hatto bir-biriga zid talqinlarga uchradi. Shunga qaramay, hozirgi adabiyotshunoslikda koʻproq ikki maʼnoda faol ishlatiladi: 1) tomoshabinning dramatik asar, ayniqsa, tragediya qahramoni bilan u katastrofa (q.)ga uchragan onlardagi emotsional aloqasi; 2) har qanday adabiy asarni oʻqish asnosida yuzaga keladigan qahramon, oʻquvchi va muallif onglarining uchrashuvi, asarning mazmun (maʼnaviy) doirasini belgilab, unga estetik obyekt sifatidagi tugallik baxsh etuvchi muhim omil. Yaʼni bu maʼnoda K. terminining, garchi u koʻproq tragizm bilan bogʻliq holda tushunilsa-da, doirasi kengayadi, tragik K. bilan bir qatorda, uning boshqa koʻrinishlari (mas., komik K.) haqida ham gapirish mumkin boʻladi. Albatta, adabiyotshunoslik va estetikada badiiy asarni qabul qilish (badiiy retsepsiya) muammolarini oʻrganish chuqurlashib borgani sari K.ning maʼno diapazoni kengayib, talqinlar turlichaligi ham ortib boradi, shunga qaramay, termin oʻzining oʻzak maʼnosini saqlab qolmoqda.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish