← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Kinoya

Kinoya – 1) mumtoz adabiyotshunoslikda majoz (koʻchim)ning bir turi. Atoulloh Husayniy K.ning lugʻaviy maʼnosini “bir nimani derlar, lekin andin oʻzga nimani iroda qilurlar” tarzida ifodalaydiki, bu taʼrif koʻchim termini maʼnosiga yaqin keladi. Biroq boshqa bir oʻrinda u fikrini quyidagicha aniqlashtiradi: “...andin iboratturkim, bir maʼnoni anga lozimu tabiʼ maʼno uchun yasolgʻon lafz ila ul tarzda taʼbir qilurlarkim, agar ul lafzning oʻz yasogʻin iroda qilsalar ham ravo boʻlur…” Mazkur taʼrifga “fazl arbobi qoshigʻa koʻp borib kelmak anga lozimu tobiʼ boʻlgʻan koʻp kafsh yirtmoq bila taʼbir etiliptur...” misolining keltirilganidan K. aloqadorlik asosidagi koʻchim deb tushunilgani anglashiladi. Hozirda koʻchimning bu turi metonimiya (q.) deb yuritiladi; 2) hozirgi adabiyotshunoslikda ironiya terminining muqobili sifatida faol qoʻllanadi. Koʻchim turi sifatida K. soʻz yoki birikmani asl maʼnosidan boshqa, teskari maʼnoda qoʻllash demakdir. Metafora hamda metonimiyaga koʻchimning asosiy turlari sifatida qarab, boshqa koʻchim turlarining ulardan kelib chiqqani nazarda tutilsa, K.ni metafora tipidagi koʻchim, yaʼni “teskari oʻxshatish” asosidagi maʼno koʻchishi deyish mumkin. Mas., A.Qodiriy Kalvak maxzumning badbasharaligiga ishora qilib, uni “husni Yusuf” deb ataydiki, bu mohiyatan teskari oʻxshatishdir. Biroq K.ga faqat koʻchim turlaridan biri sifatidagina qarash munozarali masala. Jumladan, K.ning oʻxshatish obyektisiz ham namoyon boʻla olishi uni boshqa koʻchim turlaridan farqlaydi. Oddiygina “yaxshi” degan soʻzni teskari maʼnoda qoʻllash uchun ohangini oʻzgartirib aytish kifoya. Yoki “Lolazor” (M.Muhammad Doʻst) romanida sobiq Ittifoq rahbari “KATTA PAXTAKOR” deb ataladiki, bunda allyuziya (q.) orqali maʼno koʻchiriladi. Koʻchim soʻz yoki soʻz birikmasini koʻchma maʼnoda ishlatishni koʻzda tutadi, K. esa modallik ifodasi sifatida tilning barcha sathlarida va shu sath unsurlari (tovush, intonatsiya, soʻz, jumla va h.) vositasida ifodalanishi mumkin. Mas., K. nafaqat soʻzni teskari maʼnoda qoʻllash, balki jumlani kinoyaviy maʼno ifodalaydigan tartibda tuzish va shunga mos ohang yordamida ham yuzaga chiqarilishi mumkin. Bu holda stilistik figura sifatidagi K. haqida gapiriladiki, uning bir koʻrinishi sifatida antifrazis (q.) koʻrsatilishi mumkin.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish